Qirgʻizistonda Oʻzbekistondan meva va sabzavotlarni olib kirishni taqiqlanishi mumkin
Meva va sabzavotlarni olib kirishni taqiqlash taklifi Qirg‘iziston parlamenti deputati tomonidan berilgan.
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda deputat Balbak Tuloboyev O‘zbekiston va Turkmanistondan sabzavot va mevalar (rezavorlarni ham) olib kirishga ta’qiq joriy etishni taklif qildi. Bu haqda “Tazabek.kg” xabar berdi.
Maqsad — mahalliy biznesni rivojlantirish
Deputat tegishli taklifini Agrar siyosat, suv resurslari, ekologiya va mintaqaviy rivojlanish qo‘mitasining yig‘ilishida ilgari surdi. U mahalliy fermerlarga o‘z mahsulotlarini bozorga chiqarishga yordam berish uchun shunday chora zarurligini aytdi.
“Nega o‘zimizniki bo‘la turib, boshqalarni boy qilib, mahsulotlini sotib olishimiz kerak? Biz mahalliy sabzavot, meva va rezavorlarni iste’mol qilishdan tashqari, ularni eksport ham qilmoqchimiz.”, — dedi u. Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Kubat Kuseyinov bu masalani ko‘rib chiqishini aytdi.
2024-yilning yanvar-aprel oylarida xorijga qiymati 298,5 mln dollarga teng bo‘lgan 514,8 ming tonna meva va sabzavotlar eksport qilindi.
Meva va sabzavot eksportidan Oʻzbekiston qancha foyda qiladi?
Statistika agentligi xabariga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkich 2023-yilning mos davri bilan solishtirilganda 43,3 foizga yoki 155,6 ming tonnaga ko‘paygan.
Meva-sabzavot mahsulotlarining asosiy eksport bozorlari Rossiya (26,3 foiz), Pokiston (24,2 foiz), Qozog‘iston (13 foiz) va Xitoy (9,3 foiz) davlatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.
2024 yilning yanvar-aprel oylarida meva-sabzavotlar eksporti ulushi jami eksportning 3,5 foizini tashkil etgan.
Agar mazkur qaror qabul qilinsa, O‘zbekiston eksporti hajmiga ham o’z ta’sirini ko’rsatmay qolmaydi.



