$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan energiyaning necha foizi “yashil”?

Yashil energiya

O‘zbekistonda 2021-yildan boshlab bugungi kunga qadar 10 ta “yashil” elektr stansiya – 9 ta quyosh va 1 ta shamol elektr stansiyasi (jami quvvati 2 ming 500 megavattdan ortiq) ishga tushirildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Axborot xizmati xabar berdi. Bundan tashqari, umumiy quvvati 2 ming 200 megavattdan ziyod bo‘lgan gidroelektr stansiyalari ham mavjud.

Energiyaning 25-30 foizi "yashil" stansiyalar hissasi

Bundan 3 yil oldin O‘zbekiston elektr energetika tarmog‘ida qazib olinadigan yoqilg‘ida ishlovchi elektr stansiyalar (IES) ulushi 90 foiz atrofida bo‘lgan bo‘lsa (10 foizi GESlar), oxirgi yillarda ishga tushirilgan “yashil” elektr stansiyalar hisobiga bu ko‘rsatkich 70 foizgacha tushdi. Ya’ni, bugungi kunda ishlab chiqariladigan elektr energiyasining 25-30 foizgacha qismi “yashil” stansiyalar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

6 oyda qancha “yashil” energiya ishlab chiqarildi?

Tahlillarga ko‘ra, birgina 2024-yilning birinchi yarmida quyosh hamda shamol elektr stansiyalari 1 mlrd 600 mln kVt·soat (o‘sish 1 mlrd 157 mln kVt·soat yoki 507 foiz), gidroelektr stansiyalar 4,1 mlrd kVt·soat (jami 5,7 mlrd kVt·soat) elektr energiyasi ishlab chiqardi. Buning natijasida: 1 mlrd 727 ming kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishilib, atmosferaga 2 mln 400 ming tonnaga yaqin zararli gazlar chiqishining oldi olindi. Ma’lumot uchun: mazkur 1 mlrd 600 mln kVt·soat elektr energiyasi 1 mln 300 mingdan ortiq xonadonning 6 oylik ijtimoiy normasini tashkil qiladi. Taqqoslash uchun: quyosh fotoelektr stansiyalari tomonidan 2022-yilning birinchi yarim yilligida 148,3 mln kVt·soat va 2023-yilning birinchi yarim yilligida 284,3 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. O‘zbekistondagi ko‘mir yoqilg‘isiga ixtisoslashtirilgan ikkita elektr stansiyalari bilan taqqoslanadigan bo‘lsa, 2023-yilning aprel – iyul oylarida ko‘mir stansiyalar orqali 2,06 mlrd kVt·soat elektr ishlab chiqarilgan. 2024-yilda “yashil” stansiyalar quvvati oshirilgani hisobiga ko‘mir stansiyalar orqali ishlab chiqarish hajmi kamaytirildi. Ya’ni, 2024-yilning aprel – iyul oylari davomida ko‘mir stansiyalardan 1 mlrd 660 mln kVt·soat (400 mln kVt·soat yoki 19,4 % kam) elektr energiya ishlab chiqarildi.

Yoqilg‘i sarfi kamaymoqda

Yana bir tahlil: 2023-yilning aprel – iyul oylarida elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun IESlarda 5 mlrd 60 mln kub metr tabiiy gaz, 86,5 ming tonna mazut, 1 mln 608 ming tonna ko‘mir yoqilg‘isi ishlatilgan bo‘lsa, 2024-yilning aprel – iyul oylarida 4 mlrd 760 mln kub metr tabiiy gaz (300 mln metr kub yoki 5,9% kam ), 2,5 tonna mazut (84 ming tonna yoki 97,1% kam), 1 mln 162 ming tonna ko‘mir (446 ming tonna yoki 27,7% kam) yoqildi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, so‘nggi yillarda yangi, zamonaviy energiya samarador issiqlik elektr stansiyalari ishga tushirilishi hisobiga ularda yoqilg‘i sarfi kamayib, ishlab chiqarish hajmi ortishiga erishilmoqda. Misol uchun, 2020-yilda issiqlik elektr stansiyalarida 60,8 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan bo‘lib, bunda shartli yoqilg‘i sarfi 333,8 gr/kVt·soatga teng bo‘lgan. Ishga tushirilgan zamonaviy energiya tejamkor issiqlik elektr stansiyalari hisobiga 2023-yilga kelib ishlab chiqarish hajmi 69,6 mlrd kVt·soatga yetdi (8,8 mlrd kVt·soat yoki 14,5 foiz ko‘p), shartli yoqilg‘i sarfi esa 307,1 gr/kVt·soatga (26,7 gr/kVt·soat yoki 8 foiz kam) teng bo‘ldi.

2030-yilgacha 40 foiz

Umuman olganda, hozirgi kunda O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan umumiy elektr energiyasining 25-30 foiz qismi quyosh, shamol va gidroelektr stansiyalari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. 2030-yilga qadar “yashil” elektr stansiyalar ishga tushirib borilishi hisobiga umumiy ishlab chiqariladigan elektr energiyasining 40 foizdan ortig‘i quyosh, shamol va gidroelektr stansiyalari hissasiga to‘g‘ri kelishi rejalashtirilgan.