Seshanba, 20-oktabr, 2026
Havo 89 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +8° kechasi +8°

Endilikda energiya sotadigan kompaniyani ham tanlash mumkin – Alisher Qodirov

“Milliy tiklanish” partiyasi yetakchisi energiya ishlab chiqarish va sotishda monopol mavqe bo‘lmasligi haqida xabar berdi.

2 daqiqa o‘qiladi

Endilikda energiya sotadigan kompaniyani ham tanlash mumkin – Alisher Qodirov

Alisher Qodirovning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston energetika sohasiga jiddiy o‘zgarishlar olib kiradigan “Energetika to‘g‘risida”gi qonun loyihasi partiya fraksiyasining 8-iyuldagi navbatdagi yig‘ilishida ikkinchi o‘qishda ma’qullandi.

Elektr energiyasini ishlab chiqarish litsenziyalashtiriladi

“Mobil aloqada xizmat ko‘rsatadigan kompaniyani tanlaganingizdek energiya sotadigan kompaniyani ham tanlash huquqingiz bo‘ladi. Energiya ishlab chiqaruvchi va sotuvchi kompaniyalar orasida raqobat bo‘ladi. Amaldagi qonunda bu taqiqlangan edi”, — deydi Alisher Qodirov.

Ushbu qonun loyihasi bilan elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash, saqlash, elektr energiyasi bilan ta’minlash, markaziy xaridorning funksiyalarini bajarish, elektr energiyasi savdosi, importi va eksporti litsenziya asosida amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Energetika bozori ishtirokchilari

Shuningdek, energetika bozori ishtirokchilarining maqomi, huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi qonunda aks etyapti. Bundan tashqari, elektr energiyasi bozorini tashkil etishga oid qoidalar, elektr energetikasi sohasida tariflarni shaffof tamoyillar asosida shakllantirish tartiblari nazarda tutilmoqda.

Energetika sohasidagi monopoliya

Alisher Qodirov bundan bir necha yil avval avtosanoatda monopoliya tugamasa, avtomashina narxlari o‘zgarmaganidek, energetikada ham monopoliya tugamasa, narxlar o‘zgarmasa, aholini gaz va elektr bilan ta’minlashda sifat o‘zgarmasligini aytgandi.

“2022—2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi prezident farmonida elektr energiyasi ta’minotida monopoliya bekor qilinishi va sohaga bozor mexanizmlari joriy etilishi belgilangandi. Unda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJdan elektr energiyasini “yagona xarid qiluvchi” funksiyasini ajratish, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJga xususiy operatorlarni jalb qilish bo‘yicha asosiy talablarni belgilash, “O‘zbekgidroenergo” AJ kichik va o‘rta investitsiya loyihalariga xususiy investorlarni jalb etish maqsad qilingan.