20%dan oshgan elektr limiti uchun yangi to‘lov qoidalari joriy qilindi
Energetika vazirligi elektr energiyasi tariflari bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgan noto‘g‘ri ma’lumotlarga izoh berdi.
3 daqiqa o‘qiladi

Ijtimoiy tarmoqlarda “elektr energiyasi iste'moli 200 kilovattdan oshganda, har bir kilovatt uchun 900 so'm emas, balki 540 so'm to'lanadi” degan ma'lumot tarqaldi. Ushbu holat yuzasidan Energetika vazirligi munosabat bildirdi.
Elektr energiyasi limitidan oshgan taqdirda yangi qo‘shimcha to‘lov tartibi joriy qilindi
Vazirlikning ma'lumot berishicha, bu Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-dekabrda qabul qilingan 894-son qarori bandlarining noto‘g‘ri talqin qilinishi natijasida yuzaga kelgan. Qarorga ko‘ra, hisob-kitob davrida iste’molchilar (maishiy iste’molchilar bundan mustasno) elektr energiyasini shartnomaviy miqdordan 20 foiz yoki undan ortiq iste’mol qilgan taqdirda, ortiqcha ishlatilgan elektr energiyasi uchun belgilangan tarifning 1,2 baravari miqdorida qo‘shimcha to‘lov undiriladi.
“Bu yuridik iste’molchilar uchun belgilangan limitdan 20 foiz va undan ko‘p miqdorda elektr energiyasi (tabiiy gaz emas!) iste’mol qilinganda, ortiqcha ishlatilgan har bir kVt/soat uchun qo‘shimcha 20 foiz miqdorida haq to‘lanishini anglatadi. Ilgari esa bunday holatda ikki baravar to‘lov undirilishi nazarda tutilgan edi,” — deya izoh berdi vazirlik.
Ortiqcha iste'mol uchun yangi to'lov tartibi
Xususan, texnik shartlarga ko‘ra, bir oyda 100 ming kVt/soat elektr energiyasi iste'mol qilishi belgilangan ishlab chiqarish sexi amalda 125 ming kVt/soat energiya sarflasa, qo‘shimcha iste’mol qilingan 5 ming kVt/soat uchun to‘lov 900 so‘m emas, 1080 so‘m miqdorida amalga oshiriladi.
Shuningdek, aholi iste’molchilari III tarif guruhiga kiradi va maishiy iste’molchilar toifasiga mansub hisoblanadi. Qoidalarning tegishli bandida aynan “maishiy iste’molchilardan tashqari” degan izoh aniq ko‘rsatib o‘tilgan.
Blogerlarning mas'uliyatsizligi va prezidentning sanoat cheklovlariga munosabati
“Ayrim blogerlar qarorning mazmunini to‘liq tushunmay turib, noto‘g‘ri ma’lumot tarqatganlari sababli, aholi orasida turli tushunmovchiliklar yuzaga kelmoqda. Biz bloger va jurnalistlarni ijtimoiy mas’uliyatli bo‘lishga va xaypga berilmay, to‘liq tushunilmagan ma’lumotlarni tarqatishdan voz kechishga chaqiramiz”, deyiladi xabarda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2024-yil 20-avgust kuni tadbirkorlar bilan uchrashuvda sanoat korxonalari elektr va gaz iste’moli limitlaridan oshib ketgani uchun ikki barobar to‘lov undirilayotganidan norozilik bildirayotganini qayd etgan edi. “Sanoatimizning o‘sishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan bunday cheklovlarni qisqartirish bo‘yicha qaror qabul qilindi. Endilikda elektr va gaz iste’moli belgilangan limitdan 20 foizgacha oshib ketsa, bazaviy tarif saqlanib qoladi. Agar iste’mol 20 foizdan oshib ketadigan bo‘lsa, oshgan qism uchun to‘lov 20 foizga qimmatlashadi”, degan edi prezident.
O‘zbekistonda elektr energiyasi bo‘yicha tadbirkorlarga solinadigan jarimalar miqdorini qayta ko‘rib chiqish ham ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, jarimadan qarzdorligi hisobiga tarmoqdan uzish o‘rniga bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish rejalashtirilmoqda. Bu haqda prezidentning biznes uchun teng sharoit va adolatli raqobat muhitini ta’minlashga qaratilgan farmonidagi “Yo‘l xaritasi”da belgilandi.



