Juma, 23-oktabr, 2026
Havo 74 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +16° kechasi +8°

Qurilish, qishloq xo‘jaligi va ishlab chiqarish sohalari migrantlarga muhtoj

Ekspertlar 2025-yilda bu sohalarda ish haqi oshishda davom etishini taʼkidlamoqda.

2 daqiqa o‘qiladi

ishchi qurilish migratsiya

2025-yilda ishlab chiqarish sektori, qishloq xo‘jaligi va qurilish sohasida migrantlarga ehtiyoj ortishi kutilmoqda. Bu haqda migratsiya va kadrlar yollash bo‘yicha mutaxassis, “Migrant Servis” platformasi direktori Andrey Kladov ma’lum qildi. 

“2024-yil davomida qurilish sohasida malakali mutaxassislar yetishmovchiligi barqaror rivojlanib bordi. 2025-yilda bu vaziyat yaxshilanishini prognoz qilish qiyin, aksincha, yetishmovchilik kuchayishda davom etadi. Bugungi kunda qurilish sohasida kadrlar yetishmovchiligi deyarli barcha lavozimlarda kuzatilmoqda: malakali mutaxassislardan tortib oddiy oyna o‘rnatish ustalari, monolitchilar va shpaklovkachi ustalargacha,” — deya ta’kidladi u. 

Ishlab chiqarish va qishloq xoʻjaligi sohalarida kadrlar yetishmovchiligi

Ishlab chiqarish sektorida kadrlar yetishmovchiligi jiddiy tus olishi 2024-yilning boshidanoq sezila boshlagan edi. O‘sha davrda ushbu sohada faoliyat yurituvchi Rossiyadagi kompaniyalarning 85 foizi kadrlar yetishmovchiligi muammosiga duch kelgan. Tahlilchilar 2025-yilda bu salbiy tendensiya yanada kuchayishini va ishchi kuch yetishmovchiligi 95 foiz mahalliy korxonalarga ta’sir ko‘rsatishini prognoz qilmoqda. 

“So‘nggi yillarda eng jiddiy kadrlar muammosi qishloq xo‘jaligi sohasida kuzatilmoqda. 2022-yildayoq ushbu sohada ishchi kuchi yetishmovchiligi taxminan 240 ming kishini tashkil qilgan edi. Keyingi yilda bu ko‘rsatkich 300 ming kishiga yetishi mumkin,” — dedi ekspert. 

Ish haqi oʻsishi faqatgina migrantlar sonining qisqarishi bilan bogʻliq emas

“Migrant Servis” tahlilchilari fikriga ko‘ra, kelajakda ishchi kuch yetishmovchiligi kuzatilayotgan sohalarda ish haqi o‘sishda davom etadi. Ammo bu o‘sish sur'ati chet el ishchilarining chiqib ketish darajasi va davomiyligiga bog‘liq bo‘ladi. Mutaxassislar ish haqi oshishi faqat migrantlar sonining qisqarishi bilan emas, balki boshqa bir qator omillar bilan ham bog‘liq bo‘lishini taʼkidlashdi.

“Birinchidan, inflyatsiyaning o‘sishi kutilmoqda. Ikkinchidan, kichik va o‘rta biznes tomonidan kadrlar talabining oshishi bilan ish haqi indeksatsiyasi amalga oshiriladi. Kompaniyalar yangi ishchilarni jalb qilish uchun ish haqlarini oshirishga majbur bo‘ladilar, bunga inflyatsion jarayonlar va ish haqi darajasini indeksatsiya qilish zarurati ta’sir ko‘rsatadi,” — dedi ekspert. 

Ish haqi oshadigan sohalar

“Migrant Servis”ga ko‘ra, agar mamlakatdan migrantlar chiqib ketishi jiddiy tus olsa, quyidagi sohalarda ish haqi o‘sishda davom etadi: 

- Kuryerlar — 155 ming rubl; 

- Ishlab chiqarish ishchilari — 147 ming rubl; 

- Haydovchilar — 136 ming rubl; 

- Qurilish ishchilari — 130 ming rubl.