$
 11830.87
16.82
€
 13450.52
-31.67
₽
 139.27
-0.66
weather
+26
Кечаси   +14°

Elektr uzilishi vaqtida bartaraf qilinmasa, iste’molchiga kompensatsiya to‘lanadi

elektr

O‘zbekistonda elektr ta’minotidagi uzilishlar belgilangan vaqtda bartaraf etilmasa, iste’molchilarga kompensatsiya to‘lash rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan qariyb 2 mingta mahallada isitish tizimini elektrga o‘tkazish va aholi uchun elektrga imtiyozli tarif joriy etish ko‘zda tutilgan. Bu choralar prezidentning 22-sentyabrda imzolangan PF-202-son farmonida belgilangan.

Elektr vaqtida kelmasa, kompensatsiya beriladi

Elektr ta’minotidagi uzilish belgilangan muddatda bartaraf etilmasa, iste’molchiga kompensatsiya to‘lash mexanizmi joriy etiladi. Uning aniq tartibi hozircha ishlab chiqilmagan.

2026-yil dekabrgacha tegishli hujjat loyihasi tayyorlanib, vazirlik va idoralar bilan kelishilganidan keyin Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi. Bu ishga Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Energetika vazirligi hamda Raqobat qo‘mitasi mas’ul bo‘ladi.

Gaz yo‘q hududlarda elektr arzonlashishi mumkin

Tabiiy gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan hududlarni elektrlashtirish ishlari ham tezlashtiriladi. Buning uchun 2026-yil noyabrida xalqaro moliya institutlari bilan muzokaralar o‘tkaziladi, dekabrda esa ularning texnik ko‘magida tajribali konsultantlar jalb qilinadi.

2027-yil fevraligacha ular bilan birga hududlarni elektrlashtirish konsepsiyasi ishlab chiqiladi. Unda elektrlashtiriladigan aholi hamda gaz ta’minoti bo‘lmagani uchun uyini elektr bilan isitayotgan iste’molchilarga imtiyozli elektr tariflarini belgilash ko‘zda tutiladi.

Shuningdek, elektrlashtirish jarayonida eski jihozlar o‘rniga energiyani kam sarflaydigan maishiy texnika sotib olish uchun aholiga yordam berish mexanizmi ham ishlab chiqiladi.

1 916 ta mahallaning isitish tizimi o‘rganiladi

Yangi tartib bo‘yicha hujjat loyihasi 2027-yil aprelida Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi kerak. Bu yo‘nalishdagi ishlarga Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Energiya samaradorligi milliy agentligi mas’ul bo‘ladi.

Gaz yetib borishi qiyin mahallalarni elektrga o‘tkazish rejasi 27-iyuldagi prezident raisligidagi videoselektorda ham muhokama qilingan edi. O‘shanda mamlakatda shunday 1 916 ta mahalla borligi aytilgan.

Mas’ullarga uch oy ichida bu mahallalardagi isitish tizimini elektrga o‘tkazish uchun qancha yangi infratuzilma va qo‘shimcha elektr energiyasi kerakligini hisoblab chiqish topshirilgan.

Теги :
Jamiyat