$
 12990.00
5.56
 13570.65
127.86
 131.86
1.96
weather
+26
Кечаси   +14°

2018-yildan beri narxlar oshmagan — aprel oyidan elektr tariflari qimmatlashishiga masʼullar izoh berdi

elektr

18-dekabr kuni Senat yalpi majlisida “2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonuni muhokamasida Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov 2025-yilning 1-aprelidan boshlab elektr energiyasi narxi yana oshishi haqida gapirgan edi. 

Bugun, 23-yanvar kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ rahbariyati narxlarning oshishi bo‘yicha izoh berdi.

Narxlar 2018-yilgacha oshmagan

“To‘g‘ri, barchamizga ma’lumki, 2024-yilning o‘sha aprel oyida 204-son Vazirlar Mahkamasi qarori chiqqan. Bu qarorda 2024-yil va 2025-yillar uchun bir paytning o‘zida tariflarga tegishli o‘zgartirish kiritish ta’kidlab ketilgan, ko‘rsatib o‘tilgan. Narxlarning oshishi o‘sha paytdayoq aytilgan edi”, dedi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Ma’lumotlarni qayta ishlash va dasturiy tizimlarni takomillashtirish departamenti direktori o‘rinbosari Diyor Nishonov.

Uning aytishicha, narxlar 2018-yilgacha oshmagan. Bu esa narxlarni ketma-ket oshirish uchun sabab bo‘lmoqda.

“2018 yildan beri tarif oshmagan edi. Lekin bilamizki, yoqilg‘i, neft mahsulotlari har yili bozor munosabatlariga ko‘ra tannarx oshib boradi. Ijtimoiy respublika bo‘lgani uchun ijtimoiy qatlamga ko‘proq e’tibor berilganligi uchun tariflar ancha muddat oshirilmadi.

Lekin endi o‘sha bugungi kunda amalga oshirilayotgan ishlarni yana ham jadallashtirish, ya’ni joylardagi quvvatlarni oshirish, transformator punktlarini yangisiga almashtirish yoki borlarning quvvatini oshirish o‘z navbatida, tegishli mablag‘ talab qiladi. Shu sababdan narxlarni oshirishga majbur bo‘ldik. Yana bir ma’lumot: narxni oshirish bo‘yicha tahlillar va ma’lumotlarni “Hududiy elektr tarmoqlari” taqdim etadi. Lekin narxlarni ko‘rib chiqish baribir Iqtisod va moliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi”, dedi u.

Eng koʻp subsidiya energetika sohasiga 

Eslatib oʻtamiz, 18-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Senat yalpi majlisida “2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonuni muhokamasida iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov maʼruza qilgan edi.

2025-yilda byudjetdan ajratiladigan jami subsidiyalar miqdori 28,3 trillion so‘m bo‘lishi kutilmoqda. Shundan qariyb 12,3 trillion so‘mi energetika sohasini qo‘llab-quvvatlashga sarflanadi. Xususan, tabiiy gazni sotib olish va sotish narxlaridagi tafovutni qoplashga 7 trillion so‘m, elektr energiyasidan ko‘rilgan zararni so‘ndirishga 500 milliard so‘m subsidiya beriladi.

Nima uchun hamon subsidiyalash davom etyapti?

Muhokamada senator Anvar To‘ychiyev nima uchun davlat byudjetidan subsidiya davom etayotgani va buning katta qismi energetika sohasi bilan bog‘liqligiga urg‘u bergan edi:

Ajratilayotgan subsidiyalarning katta qismi energetika sohasiga — 12,3 trillion so‘m ajratilmoqda. Sohani subsidiyalash bozor tamoyillariga mos ravishda o‘zgarib borishi kerak emasmi? Subsidiyalash sohani samaradorligiga, tariflarga qanday taʼsir ko‘rsatadi?, deya savol berdi senator.

Tariflar xarajatlarni qoplash darajasiga chiqmadi

Savolga bosh vazir o‘rinbosari javob berar ekan, tariflar xarajatlari o‘zini to‘liq qoplaydigan darajaga chiqmaganini birinchi sabab qilib ko‘rsatdi.

Ikkinchidan gazning bir qismini import qilayotganimiz. Shuning uchun, tariflarni to‘liq o‘zini o‘zi qoplaydigan darajaga o‘tkazmasdan boshqa ilojimiz yo‘q. Joriy yilda tariflar oshgan bo‘lsa, Vazirlar Mahkamasining qarorida 2025-yil 1-apreldan yana bir marta oshirish taklifi maʼqullangan. Kelgusi yildan tariflar oshadi.

Kelgusi 2025-yilda gaz va elektr energiyasi uchun 7,5 trillion so‘m subsidiya ajratilayotgan bo‘lsa, bu yil bu summa 12 trillion so‘mni tashkil etdi, yaʼni kamayib bormoqda.

Subsidiyalarni berish qachon to‘xtadi, deb savol beradigan bo‘lsangiz, 2025-2026-yillarda ham davom etadi, 2027-yil keskin pasayadi, 2028-yildan boshlab subsidiyalar byudjetdan berilmaydi, degan edi Jamshid Qo‘chqorov oʻshanda.

Теги :
Jamiyat