Har qanday transport turida tovar eksporti uchun subsidiyalar bekor qilindi
Qayd etilishicha, 2025-yildan boshlab eksportni moliyalashtirish mexanizmlari JST me’yorlariga muvofiqlashtiriladi.
1 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev 27-dekabr kuni eksportni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirishga qaratilgan farmonni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Sabab – JSTga a’zolik harakati
Hujjat bilan eksportni moliyalashtirish mexanizmlari bilan bog‘liq bir qator normativ-huquqiy hujjatlarga tuzatishlar kiritilmoqda. O‘zgartirishlar xalqaro savdo qoidalari va JST tomonidan belgilangan talablarga muvofiq kiritiladi.
2024-yilda amalga oshirilgan eksportlar uchun subsidiyalar 1 oy ichida to‘lanadi
Xususan, 2025-yil boshidan boshlab havo va temir yo‘l transporti orqali xorijga tovarlar yetkazib berish xarajatlarini kompensatsiya qilish bekor qilinadi.
2024-yil 31-dekabrga qadar bajarilgan tovarlar eksporti uchun subsidiyalar va kompensatsiyalar 2025-yil 1-fevraldan kechiktirmay to‘lanadi.
“Xalq so‘zi” gazetasining ta’kidlashicha, farmon eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishda transport xarajatlarini qoplab berish
Ma’lumot uchun, 1-noyabrda “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishda transport xarajatlarini qoplab berishi haqida xabar berilgandi.
Pul mablag‘lari eksport qiluvchi kompaniyalarga mahsulotlarni xorijga aviatransport orqali jo‘natgandan so‘ng taqdim etilishi belgilangan.



