$
 11825.40
-5.47
€
 13483.32
32.8
₽
 140.34
1.07
weather
+26
Кечаси   +14°

Boshlang‘ich ta’limga Finlandiya, yuqori sinfga Singapur tajribasi: Yangi avlod darsliklarida bolalar nimani o‘rganadi?

Shavkat Mirziyoyev

Prezident Shavkat Mirziyoyev maktab ta’limi uchun yangi avlod darsliklarini joriy etish, oliy ta’lim muassasalari va korxonalar hamkorligida dual ta’limni yo‘lga qo‘yish hamda Lyaonin pedagogika universitetining O‘zbekistondagi filialini tashkil etish bo‘yicha taqdimotlar bilan tanishdi.

Yangi darsliklarda asosiy e’tibor bilimni amalda qo‘llashga qaratiladi

Yangi O‘zbekiston maktab bitiruvchisidan faqat fanlarni yaxshi o‘zlashtirish emas, balki zamonaviy ko‘nikmalarga ega bo‘lish ham talab etiladi. Axborot texnologiyalaridan foydalanish, mustaqil va ijodiy fikrlash, muammoga yechim topish hamda qaror qabul qilish qobiliyatlari ta’limning muhim yo‘nalishlari sifatida belgilanmoqda.

Shu sababli maktablardagi o‘quv dasturlari va darsliklarni yangilash ishlari davom ettirilmoqda. Yangi o‘quv adabiyotlarini yaratishda xorijiy tajribadan ham foydalanildi.

Jumladan, boshlang‘ich sinflar uchun tayyorlangan darsliklar Finlyandiya ta’lim alyansi sertifikatsiyasidan o‘tkazilgan. 5–7-sinflar uchun matematika, fizika, kimyo va biologiya darsliklari esa Singapur darsliklari asosida ishlab chiqilgan.

Yangi tizimda har bir sinf yakunida o‘quvchi nimalarni bilishi va nimalarni bajara olishi aniq belgilanadi. Ta’lim standarti, o‘quv dasturi, darslik va baholash tizimi bir-biri bilan bog‘liq holda ishlab chiqilmoqda.

Bunda mavzularning bolaning yoshiga mosligi, ularning izchil berilishi va olingan bilimlarni kundalik hayotda qo‘llash imkoniyatiga alohida e’tibor qaratiladi.

2027-yilgacha jami 1 ming 342 nomdagi darslik va o‘quv-metodik materialni tayyorlash rejalashtirilgan.

O‘quvchi tayyor javobni yodlash bilan cheklanmaydi

Yangi darsliklarda tanqidiy fikrlash, muloqot, hamkorlik va ijodkorlikni rivojlantiradigan topshiriqlar soni oshirilmoqda.

Endilikda o‘quvchining faqat tayyor javobni yodlab olishi yetarli bo‘lmaydi. U savol bera olishi, ma’lumotni tahlil qilishi, o‘z fikrini dalillar bilan asoslay olishi va boshqalar bilan birgalikda yechim topishi kerak.

O‘quv materiallariga kasbga yo‘naltirish mavzulari ham kiritilmoqda. Shu yo‘nalishda 255 ta dars ishlab chiqilgan. Ushbu mashg‘ulotlar orqali bolalarga o‘z qiziqishlarini aniqlash va kelajakdagi kasbini ongli ravishda tanlashda yordam berish ko‘zda tutilgan.

Darsliklardagi qahramonlar orqali do‘stlik, mas’uliyat, jasorat va hurmat kabi qadriyatlar ham bolalarga tushunarli va yaqin misollar asosida yoritilmoqda.

Ekologik, moliyaviy va raqamli savodxonlikka ham e’tibor kuchayadi

Yangi o‘quv materiallarida bolalarning kundalik hayotda zarur bo‘ladigan ko‘nikmalarini shakllantirishga ham katta e’tibor berilmoqda.

Ekologik savodxonlikka oid 300 dan ortiq mavzu ishlab chiqilgan. Ularda suvni tejash, tabiatni asrash va tabiiy boyliklardan oqilona foydalanish masalalari qamrab olingan.

Moliyaviy savodxonlik yo‘nalishida pulni hisoblash, mablag‘ni tejash va jamg‘arish, shuningdek, xaridlarni oldindan rejalashtirish kabi ko‘nikmalar o‘rgatiladi.

Raqamli savodxonlik doirasida esa internetdan foydali va xavfsiz foydalanish masalalariga e’tibor qaratiladi.

Yangi darslik uchun o‘qituvchi ham tayyorlanmoqda

Taqdimotda darsliklarni yangilashning o‘zi ta’lim sifatini oshirish uchun yetarli emasligi, natija ko‘p jihatdan o‘qituvchining yangi materiallar bilan ishlashga tayyorligiga bog‘liqligi qayd etildi.

Shu sababli islohotlar faqat maktab darsliklari bilan cheklanmay, maktabgacha ta’limdan boshlab pedagoglarni tayyorlash, ularning malakasini oshirish va o‘quvchilar bilimini baholashgacha bo‘lgan jarayonni qamrab olmoqda.

Maktabgacha ta’limda “Ilk qadam” dasturi asosida bolalarning nutqi, tafakkuri, muloqot qobiliyati va ijodiy salohiyatini birinchi sinfga qadar rivojlantirish yo‘lga qo‘yilgan.

Pedagogika oliygohlarida esa yangi avlod o‘qituvchilarini tayyorlash boshlangan. Amaldagi pedagoglar uchun tanqidiy fikrlash, ijodkorlik, muloqot va hamkorlikka asoslangan darslarni tashkil etishga qaratilgan maxsus o‘quv modullari ishlab chiqilgan.

110 ming nafar boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi malaka oshirdi

Pedagoglarning malaka oshirish dasturlari ham yangi darsliklarning mazmuniga moslashtirilgan.

Shu asosda 110 ming nafar boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi malaka oshirdi. Bundan tashqari, Singapurdagi hamkorlar bilan birgalikda 121 nafar master-trener va 739 nafar murabbiy-o‘qituvchi tayyorlandi. Ular orqali yana 90 ming nafar pedagog o‘qitildi.

Yangi darslarda o‘quvchini mavzuga qiziqtirish, uni mustaqil izlanishga undash, mavzuni tushuntirish, olingan bilimni amalda qo‘llash va natijani baholashga asoslangan usullarni kengaytirish ko‘zda tutilmoqda.

Bunda videodarslar, animatsiyalar, audiomateriallar va interaktiv topshiriqlardan foydalanish ham o‘qituvchi, ham o‘quvchi uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.

O‘qituvchining kasbiy mahorati ham baholanadi

Pedagoglarning kasbiy o‘sishini aniqlash va ularni rag‘batlantirish mexanizmlari ham takomillashtirilgan.

Kasbiy sertifikatlash jarayonida endilikda o‘qituvchining faqat o‘zi dars beradigan fan bo‘yicha bilimlari emas, balki pedagogik tayyorgarligi ham baholanmoqda.

Shuningdek, yangi ta’lim mazmuniga moslashtirilgan va aniq mezonlarga asoslangan baholash tizimi 5 mingta maktabda joriy etilgan.

Ushbu tizim o‘quvchining ma’lumotni shunchaki yodlab olganini emas, balki uni qanchalik tushungani va amaliyotda qo‘llay olishini ham aniqlashga qaratilgan.