Ekologiya vazirligi “Yangi Oʻzbekiston” bogʻini ogohlantirdi
“Yangi Oʻzbekiston” bogʻi 1-iyun – Bolalar kunida bogʻdagi plyajga 10 mingta oʻyinchoq oʻrdak tashlanishini e'lon qildi.
2 daqiqa o‘qiladi

Ijtimoiy tarmoqlarda “Yangi Oʻzbekiston” bogʻida 10 000 ta plastik oʻrdakchalar tushirilmoqchi ekanligi haqida xabar tarqaldi. Ekologiya vazirligi vaziyatga munosabat bildirdi.
Holat yuzasidan mutasaddilar bilan tushuntirish ishlari olib borildi
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi bunday xatti-harakatlarni keskin qoraladi va bunday holatlar qonunga koʻra javobgarlikka sabab boʻlishini maʼlum qildi.
Holat yuzasidan vazirlik tomonidan voqea joyiga chiqilib, mutasaddilar bilan tushuntirish ishlari olib borildi. Bunday xatti-harakatlar O‘zbekiston Respublikasining "Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida"gi va "Chiqindilar to‘g‘risida"gi qonunlarni qo‘pol ravishda buzish hisoblanishi hamda javobgarlikka sabab bo‘lishi to‘g‘risida qat'iy ogohlantirildi.
Ijtimoiy tarmoq faollaridan bu mavzuga doir rolik tayyorlash soʻraldi
Vazirlik istirohat bogʻlari, dam olish maskanlari mutasaddilarini ekologiyaga zarar keltiradigan xatti-harakatlarni amalga oshirmaslikka chaqirdi. Shuningdek, blogerlar, vaynerlar, ijtimoiy tarmoqlar faollaridan tabiatni asrab-avaylashga qaratilgan gʻoyalarni targʻib qilishni, bu mavzularda ijtimoiy roliklar tayyorlashni soʻradi. Vazirlik bu borada ularga koʻmak berishga tayyor.
Oʻzbekiston Konstitutsiyasining 62-moddasida “Fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda boʻlishga majburdirlar” deya belgilab qoʻyilgan.
Vazirlik murojaati
"Unutmang! Atrof-muhitga zarar yetkazish Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 91prim 1-moddasi, 95, 161-moddalariga koʻra qatʼiy javobgarlikka sabab boʻladi.
Plastik buyumlar uzoq muddat chirimaydi va chiqindi sifatida tabiatga katta zarar yetkazadi. Shunday ekan, oʻzimiz va farzandlarimiz yashab turgan tabiatni toza saqlashga, asrab-avaylashga hissa qoʻshaylik", - deyiladi xabarda.



