Noqonuniy ko‘chirilgan daraxtlar bo‘yicha jinoyat ishi ochildi
Bosh prokuratura bayonotiga ko‘ra, sog‘lom o‘sib turgan jami 53 tup qimmatbaho navli ko‘p yillik daraxtlarga ziyon yetkazilgan.
2 daqiqa o‘qiladi

22-may kuni ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p yillik daraxtlar kesilib, yashirincha olib chiqib ketilayotganligi haqida tarqalgan videoxabarga Ekologiya vazirligi rasmiy munosabat bildirib, Bosh prokuraturadan chora ko‘rishni so‘ragan edi.
Taftishga ko‘ra...
Shahar ekologiya boshqarmasi sobiq MXX hududidan 26 tup ko‘p yillik eman daraxti Toshkent viloyatidagi istirohat bog‘iga ko‘chirilayotganini xabar qilgandi. Shahar ekologiya boshqarmasi boshlig‘i Tursunpo‘lat Egamovning aytishicha, buzib tashlangan MXX binosi o‘rnida Radisson mehmonxona majmuasini qurayotgan Metropol Group kompaniyasi yanvar oyida daraxtlarni kesishga ruxsat olish uchun xat yuborgan, biroq boshqarma daraxtlarni tag qismidan kesishga ruxsat bermagan.
“Ko‘chirishga ruxsat berish tartibi yo‘q. Faqat Vazirlar Mahkamasining 464-sonli qaroriga asosan ko‘chirish tartibi berilgan. Biz daraxtlarni ko‘chirishga ruxsatnoma bera olmaymiz. 3 kun oldin xat asosida xabar beriladi. Ko‘chirishga biz tomonimizdan inspektor ajratilishi kerak. 2,5 oydan beri hech nimadan xabarsiz edik”, – degandi mas’ul.
Kompaniya rahbari fotografga tazyiq o‘tkazgandi
Avvalroq ko‘chirib o‘tkazilgan daraxtlarni suratga olishga uringan fotograf Komil Enakievga ushbu harakatga mas’ul shaxs - "Muna Mug" kompaniyasi rahbari Farrux Hakimov tarafidan tazyiq o‘tkazilgan, fotografni to‘xtatish maqsadida u hatto K. Enakiev boshidan energetik ichimlik quyib yuborishgacha borganligi to‘g‘risida ma’lumot bergandik. Farrux Hakimov daraxtlar qurib ketmasligiga 100 foiz kafolat berishiga ishontirgan, uning so‘zlariga ko‘ra, daraxtlar qurib qolmasligi uchun ildizlarini 80 foizdan ortig‘ini qoplagan holda uni qazib olishga muvaffaq bo‘lishgan. Hakimov kesilgan novdalar ikki yildan keyin avvalgi holatiga qaytishini aytgandi.
Bosh prokuratura bayonoti
Holat yuzasidan Bosh prokuratura bayonot berdi. Unga ko‘ra tekshirishda yuqoridagi hududda olib borilayotgan qurilish loyihasi doirasida “M.M.” MCHJ tomonidan sog‘lom o‘sib turgan jami 53 tup qimmatbaho navli ko‘p yillik daraxtlar (eman, qarag‘ay, aylantus va boshqalar) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-avgustdagi “Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni ekish, parvarish qilish va ulardan foydalanish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 464-son Qarori talablariga zid ravishda noqonuniy ravishda ko‘chirib olib ketilganligi aniqlandi. Mazkur holat yuzasidan daraxtlarni noqonuniy ko‘chirgan xo‘jalik yurituvchi subyekt mas’ullari va bunga imkoniyat yaratib bergan mansabdor shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.



