$
 12021.22
-54.96
 13978.27
-16.82
 169.53
0.06
weather
+26
Кечаси   +14°

Kongoda Ebola nazoratdan chiqyapti: 18 nafar bemor shifoxonadan qochib ketdi

ebola

Kongoning sharqida Ebola virusi sabab vaziyat tobora xavfli tus olmoqda. Mongbvalu shahrida g‘azablangan mahalliy aholi Ebola bilan davolanayotgan bemorlar joylashtirilgan tibbiy chodirga o‘t qo‘yib yubordi. Yong‘in vaqtida 18 nafar Ebola gumonlanuvchisi qochib ketgan va hozirgacha topilmagan. Bu hududdagi bir hafta ichida sodir bo‘lgan ikkinchi shunday hujum bo‘ldi.

Xo‘sh, nima uchun odamlar shifoxonalarga o‘t qo‘ymoqda?

Ebola markazlari ketma-ket yoqib yuborilmoqda

Mongbvalu shahridagi shifoxona direktori Richard Lokudining aytishicha, mahalliy aholi juma kuni kechqurun “Chegarasiz shifokorlar” tashkiloti qurgan Ebola chodiriga bostirib kirib, uni yoqib yuborgan. Yong‘in vaqtida markazda vahima boshlangan va 18 nafar Ebola gumonlanuvchisi qochib ketgan. Shifokorlar bu holat virusning yana ko‘plab odamlarga tarqalish xavfini oshirishini aytmoqda.

Bundan bir kun oldin Rvampara shahridagi yana bir davolash markazi ham yoqib yuborilgandi. O‘shanda mahalliy aholining g‘azabiga Ebola gumoni bilan vafot etgan erkakning jasadini yaqinlariga bermaslik sabab bo‘lgan.

Dafn marosimlari ham mojaroga aylangan

Mutaxassislarning aytishicha, Ebola bilan vafot etgan odamlarning jasadi ham virus tarqatishi mumkin. Shu sabab marhumlarni dafn qilish ishlari maxsus himoya kiyimidagi guruhlar tomonidan amalga oshirilmoqda. Ammo bu holat ko‘plab oilalar va mahalliy aholining noroziligiga sabab bo‘lyapti.

Rvamparada Ebola qurbonlari ommaviy dafn qilingan paytda hududda qurollangan askarlar va politsiya navbatchilik qilgan. Qizil Xoch xodimlari oq himoya kiyimida yopiq tobutlarni yerga qo‘yayotgan paytda marhumlarning qarindoshlari uzoqdan yig‘lab kuzatgan.

Qizil Xoch vakili David Basimaning aytishicha, ular dafn marosimida yoshlar va mahalliy aholining qarshiligiga duch kelgan. Vaziyat shu darajaga yetganki, xavfsizlik uchun rasmiylardan yordam so‘rashga majbur bo‘lishgan.

Shu fonda Kongo hukumati virus tarqalishini kamaytirish uchun 50 kishidan ortiq yig‘ilishlar va motam marosimlarini vaqtincha taqiqladi.

Ebola xavfi oshdi, AQSh esa cheklov joriy qildi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Kongodagi Ebola xavfini “yuqori” darajadan “juda yuqori” darajaga ko‘tardi. Hozircha mamlakatda 82 ta tasdiqlangan holat va 7 ta o‘lim qayd etilgan. Ammo tashkilot rahbari Tedros Gebreyesus outbreak aslida bundan ham kattaroq bo‘lishi mumkinligini aytdi.

Virusning “Bundibugyo” deb ataladigan noyob turi tarqalayotgani vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda. Bu virus haftalar davomida aniqlanmay tarqalgan va hozircha unga qarshi tasdiqlangan vaksina mavjud emas. Kongoda allaqachon 750 ta gumonli holat va 177 ta ehtimoliy o‘lim qayd etilgan.

Afrika CDC rahbari Jan Kaseyaning fikricha, vaziyatni nazorat qilish uchun eng muhimi mahalliy aholining ishonchini qayta tiklash hisoblanadi.

Qizil Xoch federatsiyasi esa Mongbvaluda uch nafar volontyor Ebola sabab vafot etganini ma’lum qildi. Ularning virusni mart oyidayoq jasadlar bilan ishlash vaqtida yuqtirgani taxmin qilinmoqda. Agar bu tasdiqlansa, epidemiyaning boshlanish sanasi avval o‘ylangandan ancha oldinroq bo‘lib chiqadi.

Shu orada AQSh ham keskin choralar ko‘rmoqda. Endilikda Kongo, Uganda yoki Janubiy Sudanda bo‘lgan green card egalari AQShga qayta kira olmaydi. Qizig‘i, Janubiy Sudanda hozircha Ebola holati rasman tasdiqlanmagan bo‘lsa ham, mamlakat cheklov ro‘yxatiga kiritilgan. AQSh hukumati bu qaror Ebola nazorati, karantin va tibbiy kuzatuvni kuchaytirish uchun kerakligini bildirdi.

Теги :
Jamiyat