DXX: Qashqadaryo va Buxoro viloyatlari hamda Toshkent shahrida soliq xodimlarining noqonuniy harakatlariga chek qoʻyildi
Mazkur shaxslar 2 ming 300 dollar, 600 dollar hamda 8 mln. soʻm pora olayotgan vaqtida qoʻlga olingan.
2 daqiqa o‘qiladi

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qarshi tuman soliq inspeksiyasi xodimining noqonuniy harakatlariga chek qoʻyildi
Davlat xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda Qarshi tuman soliq inspeksiyasining sayyor soliq tekshiruvlari shoʻbasi bosh inspektori mahalliy 5 ta MCHJ faoliyati yuzasidan joriy yilning sentyabr oyiga qadar kameral soliq tekshiruvlari oʻtkazmaslik evaziga 2 ming 300 AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Shuningdek, u ushbu pul mablagʻini viloyat soliq boshqarmasining kameral soliq tekshiruvlari shoʻbasi bosh inspektoriga berishi kerakligi aniqlanib, tezkor tadbir davom ettirildi hamda mazkur mansabdor shaxs ham 2300 AQSH dollarini olgan vaqtida ushlandi.
Gʻijduvon tumani soliq inspeksiyasi katta inspektori
Buxoro viloyati Gʻijduvon tumani soliq inspeksiyasi katta inspektori oʻz xizmat mavqeidan foydalanib, tuman markazidagi “Hoʻjai jahon” savdo kompleksi hududida faoliyat yurituvchi yakka tartibdagi tadbirkordan pora talab qilgan. Buning evaziga tadbirkorni joriy yilning oxiriga qadar aylanma soliq toʻlovchisi toifasidan, har oyda 2 mln. 424 ming soʻm toʻlaydigan qatʼiy turdagi soliq toʻlovchisi toifasiga oʻtkazmaslik, kelgusida soliq idoralari tomonidan boʻladigan tekshiruvlardan himoya etish hamda uning faoliyatiga rahnamolik qilishni vaʼda qilgan. Katta inspektor 8 mln. soʻm pora olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan ushlangan.
Yakkasaroy tumani soliq inspeksiyasining poraxoʻr inspektori
Toshkent shahar Yakkasaroy tumanida joylashgan umumiy ovqatlanish maskanida 6 oy mobaynida soliq tekshiruvlari oʻtkazmaslik, aksincha, uning faoliyatiga rahnamolik qilish evaziga 600 AQSH dollari olgan vaqtida mazkur tuman soliq inspeksiyasining bosh inspektori Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Shuningdek, tergovga qadar tekshiruv davomida, ushbu noqonuniy ishga tuman soliq inspeksiyasining shoʻba boshligʻining aloqador ekanligi aniqlanib, u ham protsessual tartibda ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.



