Seshanba, 20-oktabr, 2026
Havo 96 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +11° kechasi +8°

DXX tomonidan Buxoro, Samarqand va Jizzax viloyatlarida tezkor tadbirlar o‘tkazildi

Tekshiruv natijasida Oʻzbekiston sud boshqaruvchilari assotsiatsiyasining Samarqand va Buxoro viloyatlari boʻlimlari sud boshqaruvchilari pora olgan vaqtida ushlandi.

3 daqiqa o‘qiladi

DXX tomonidan Buxoro, Samarqand va Jizzax viloyatlarida tezkor tadbirlar o‘tkazildi

Hozirda mazkur shaxlarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Geodeziya va topo xaritalar tuzish bilan shugʻullanuvchi MCHJ rahbari

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Buxoro shahrida joylashgan Geodeziya va topo xaritalar tuzish bilan shugʻullanuvchi mas'uliyati cheklangan jamiyat rahbari mahalliy qurilish firmasiga qarashli 701 metr kv boʻlgan yer maydonida koʻp qavatli uy qurish uchun arxitektura-rejalashtirish topshirigʻini vakolatli tanishlari orqali tayyorlatib berish evaziga 25 ming AQSh dollari talab qilgan. U oldindan pulning yarimini ya’ni, 12500 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Sherigi ham 5000 AQSh dollari bilan qo‘lga tushdi

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, undan arxitektura-rejalashtirish topshirigʻini tayyorlab berish evaziga 5000 AQSh dollari olgan vaqtida viloyat qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmasida boʻlim boshligʻi lavozimida ishlovchi mansabdor tanishi ham ushlandi.

Oilaviy korxonani tugatish uchun mas’ul sud boshqaruvchisi

Oʻzbekiston sud boshqaruvchilari assotsiatsiyasining Samarqand viloyati boʻlimi sud boshqaruvchisi Samarqand shahar iqtisodiy sudining hal qiluv qarori bilan Samarqand tumanidagi xoʻjalik mollari savdosi bilan shugʻullanuvchi oilaviy korxonani tugatish boshqaruvchisi etib tayinlanadi.

Bankrot deb e’lon qilish evaziga 1200 AQSh dollari

U korxona faoliyatini tekshirish davomida, amaldagi qonun hujjatlari talablarini buzgan holda 1 mlrd. 916 mln. soʻm pul mablagʻi boshqa shaxslarga moliyaviy yordam sifatida oʻtkazib yuborilganligi holatini aniqlaydi va ushbu pul mablagʻi qaytarilmasdan korxonani bankrot deb e’lon qilish masalasini ijobiy hal qilib berish evaziga 1200 AQSh dollari talab qiladi.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, sud boshqaruvchisi soʻralgan pul mablagʻini olgan vaqtida ushlandi.

Mas’uliyatni bilmagan sud boshqaruvchisi

Shuningdek, Oʻzbekiston sud boshqaruvchilari assotsiatsiyasining Buxoro viloyati boʻlimi sud boshqaruvchisi Gʻijduvon tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluv qarori bilan, Shofirkon tumanidagi bino-inshootlarni qurish va ta'mirlashga ixtisoslashgan mas'uliyati cheklangan jamiyatni tugatishga mas'ul etib tayinlanadi. Lekin, u mansab mavqeini suiiste'mol qilgan holda MChJ rahbarini ishonchiga kirib, aldov yoʻli bilan, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan qayta tekshiruv oʻtkazilmasligi hamda davlat reestridan chiqarishda sud va soliq idoralaridagi mansabdor tanishlari orqali yordam berish evaziga 1000 AQSh dollari talab qilib, muqaddam 200 AQSh dollari oladi. Sud boshqaruvchisi qolgan 800 AQSh dollarini olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va prokuratura organlari xodimlari tomonidan ushlandi.

Poraxo‘r advokatlik byurosi rahbari

2023-yilning sentyabr oyida Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi boʻyicha ayblanuvchi tomonidan yetkazilgan zarar qoplanganligi bois, joriy yilning yanvar oyida JIB Zafarobod tuman sudining hukmi bilan, unga nisbatan 18 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Jizzax shahrida faoliyat yurituvchi advokatlik byurosi rahbari esa oʻzining himoyasida boʻlgan mazkur sudlanuvchining qarindoshlaridan muqaddam shartnoma asosida 5 mln. soʻm, shuningdek, shartnomasiz 4900 AQSh dollari olgan boʻlsada, ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlanishida goʻyoki huquq-tartibot idoralaridagi tanishlariga pul berganligini aytib, yana 3 ming AQSh dollari olgan vaqtida DXX xodimlari tomonidan ushlandi.

Hozirda mazkur shaxlarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.