$
 11825.40
-5.47
€
 13483.32
32.8
₽
 140.34
1.07
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistondagi barcha OTM rektorlari Andijonda dual ta’limni o‘rganadi

Qo

Prezident Shavkat Mirziyoyev maktab ta’limi uchun yangi avlod darsliklarini joriy etish, oliy ta’lim muassasalari va korxonalar hamkorligida dual ta’limni yo‘lga qo‘yish hamda Lyaonin pedagogika universitetining O‘zbekistondagi filialini tashkil etish bo‘yicha taqdimot bilan tanishgani haqida xabar bergan edik. 

Iqtisodiyot tarmoqlariga nafaqat nazariy bilimga, balki real ish jarayonini biladigan va zamonaviy ko‘nikmalarga ega mutaxassislar kerak. Shu sababli talabalarning oliygohdagi ta’limini korxonalardagi amaliy mashg‘ulotlar bilan birlashtirishga qaratilgan yangi takliflar ishlab chiqildi.

Yangi yondashuvda talaba o‘qish jarayonida olgan nazariy bilimlarini bevosita ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatish jarayonida qo‘llashi ko‘zda tutilmoqda. Bu orqali oliygoh bitiruvchisining mehnat bozoriga tayyorgarligini oshirish maqsad qilingan.

Germaniya tajribasi O‘zbekiston sharoitiga moslashtiriladi

Bundan uch oy avval 10 nafar rektor Germaniyaga dual ta’lim tizimini o‘rganish uchun yuborilgan edi. Germaniya tajribasida ushbu tizim orqali tahsil olgan bitiruvchilarning 70–75 foizi o‘zi amaliyot o‘tagan korxonada ishlashda davom etmoqda.

Taqdimot davomida Germaniyaning dual ta’lim tajribasini O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish masalasi muhokama qilindi. Bunda korxonalarning mutaxassis tayyorlash jarayonidagi ishtirokini yanada kuchaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, Germaniyada tajriba o‘rgangan rektorlar hududlar hokimlariga biriktirilishi belgilandi. Ular joylarda dual ta’limni tashkil etish bo‘yicha aniq strategiyalar va ilmiy asoslangan takliflarni ishlab chiqadi.

Andijondagi tajriba boshqa hududlarga ham tatbiq etiladi

O‘zbekistonda dual ta’lim bo‘yicha amaliy tajriba ham shakllanmoqda. Xususan, Andijon viloyatida 11 ming nafar talaba 2 mingta korxonada dual ta’lim asosida amaliyot o‘tamoqda.

Davlat rahbari barcha rektorlarni Andijonga yuborib, hududdagi ushbu tajribani bevosita joyida o‘rganish vazifasini topshirdi. Maqsad — Andijonda yo‘lga qo‘yilgan amaliyotni o‘rganish va uni boshqa hududlarda ham samarali tashkil etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.

185 ming nafar talaba dual ta’limga jalb qilinadi

Yangi tizim doirasida uchinchi va to‘rtinchi bosqich talabalarining kamida 80 foizini dual ta’lim bilan qamrab olish maqsadi belgilandi. Bu qariyb 185 ming nafar yoshni tashkil etadi.

Dastlab muhandislik, ishlab chiqarish, qurilish va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlariga ustuvorlik berish taklif qilinmoqda.

Shuningdek, 2027/2028-o‘quv yilida dual ta’limga 75 ta oliygoh va 3,5 mingta korxonani jalb qilish rejalashtirilgan. Ushbu bosqichda 12,5 ming nafar talaba uchun o‘qish va amaliyotni birgalikda tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.

Talaba, oliygoh va korxona o‘rtasida shartnoma tuziladi

Taklif etilayotgan yangi modelda oliygoh, korxona va talaba o‘rtasidagi munosabatlar shartnoma asosida tartibga solinadi.

Bunda o‘quv dasturlari korxonalarning real ehtiyojlaridan kelib chiqib moslashtiriladi. Talabaga esa ish joyida malakali murabbiy biriktiriladi.

Amaliy mashg‘ulotlarni o‘qish bilan bir vaqtda tashkil etish yoki muayyan sohaning xususiyatidan kelib chiqib, uni alohida davrga ajratish mumkin bo‘ladi.

Talabalarni amaliyotga olgan korxonalarga imtiyozlar beriladi

Dual ta’limda talabalarni amaliyotga qabul qiladigan, ular uchun zarur o‘quv va ish sharoitlarini yaratadigan hamda keyinchalik ularni ishga joylashtiradigan korxonalarni rag‘batlantirish bo‘yicha ham takliflar ishlab chiqildi.

Xususan, korxonalar tomonidan talabaga to‘langan ish haqining 50 foizini subsidiya sifatida qoplash taklif etilmoqda.

Bundan tashqari, bojxona to‘lovlari va amortizatsiya bo‘yicha imtiyozlar berish, 25 nafardan ortiq talabani amaliyotga qabul qilgan korxonalarga davlat xaridlarida preferensiyalar qo‘llash masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Mazkur qo‘llab-quvvatlash choralarini inson omilini imkon qadar kamaytirgan holda raqamli platforma orqali amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Eng samarali oliygoh va korxonalar alohida rag‘batlantiriladi

Dual ta’limni samarali yo‘lga qo‘ygan oliygoh va korxonalarni aniqlash hamda rag‘batlantirish uchun tanlov o‘tkazish taklifi ham ilgari surildi.

Tanlovda asosiy mezon sifatida talabalarning dual ta’lim bilan qamrovi, ularga to‘lanadigan ish haqi, o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari va bitiruvchilarning bandligi olinadi.

Shu tariqa dual ta’limda nafaqat talabalar uchun amaliyot imkoniyatlarini kengaytirish, balki oliygohlar va korxonalarni mutaxassis tayyorlash jarayonida bevosita ishtirok etishga jalb qilish ko‘zda tutilmoqda.