$
 12149.84
7.74
 14003.91
-76.07
 151.10
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Orolbo‘yi hududidagi qishloq aholisiga suv tejovchi texnologiyalar joriy etilmoqda

Tomchilab sug‘orish

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan Qoraqalpog‘istonning Kegeyli, Qorao‘zak va Chimboy tumanlarida qishloq aholisiga muqobil daromad manbai sifatida suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatib berildi.

Ushbu tizim sarf-xarajatlarni 40-50 foizga kamaytiradi

Har bir tumandan 15 tadan oilaga jami 45 ta tomchilatib sug‘orish tizimlarining o‘rnatilishi Orolbo‘yi hududlarida yashovchi aholiga bir qancha yengilliklar yaratdi. Jumladan, bu texnologiyalar o‘simliklarni sug‘orishni avtomatlashtirish, suv va mineral o‘g‘itlar uchun sarf-xarajatlarni 40-50 foizga kamaytirish, shuningdek, turli o‘simliklar kasalliklarining oldini olish va tuproq namligini saqlash imkonini berib, hosildorlikni oshirishga xizmat qiladi. O‘simliklarni sug‘orishda qo‘l mehnati sarflanmasligi aholining ancha vaqtini tejashga yordam bermoqda.

Maqsad Orol dengizi inqirozi oqibatlariga moslashish

Ushbu uskunalar FAO tomonidan BMTning Taraqqiyot Dasturi va BMTning Bolalar Jamg‘armasi (YUNISEF) bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Orolbo‘yi hududini yashil va innovasion rivojlantirish orqali yoshlarning yorqin kelajak sari huquq va imkoniyatlarini oshirish” qo‘shma loyihasi doirasida o‘rnatib berildi. Loyiha BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosidagi trast fondi tomonidan moliyalashtirilmoqda. Birgalikda harakat qilishdan maqsad innovatsiyalar va yashil rivojlanish asosida mahalliy hamjamiyatlar bandligi uchun yanada yaxshi imkoniyatlarni yaratish va ularning Orol dengizi inqirozi oqibatlariga moslashish salohiyatini oshirishdan iborat.

Hosildorlik boshqa usulda sug‘orishga nisbatan o‘rtacha 1 metr kvadrat joydan 20 foizga yuqori bo‘ladi

Orolbo‘yi mintaqasining iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi va tabiiy resurslar degradatsiyasining salbiy ta’siriga ko‘proq moyilligi barchaga ma’lum. Tomchilatib sug‘orish usuli o‘zining yuqori samaradorligi, ya’ni suv resurslari cheklangan sharoitda kam suv sarflab, barqaror yuqori hosil olish imkoninini berishi bilan ajralib turadi. Bu turdagi sug‘orish usulining sabzavot hosildorligiga ta’siri bo‘yicha tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, hosildorlik boshqa usulda sug‘orishga nisbatan o‘rtacha 1 metr kvadrat joydan 20 foizga yuqori bo‘ladi. Kegeyli, Qorao‘zak va Chimboy tumanlarida o‘rnatilgan tomchilatib sug‘orish tizimidan foydalanish borasida aholiga tushuntirish ishlari olib borildi va qishloq aholisi orsida ushbu sug‘orish tizimiga qiziqish ortdi.

45 ta ayolga tikuv mashinalari

Ma’lumki, FAO tomonidan amalga oshirilayotgan ushbu loyiha doirasida aholining ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarini yaxshilash uchun qator ishlar olib borilmoqda. Xususan, Kegeyli va Qorao‘zak tumanlaridan 45 ta ayolga tikuv mashinalari beg‘araz yetkazib berilib, ularning daromadlarini oshirish maqsadida tikuvchilik, kasanachilik va marketing asoslari bo‘yicha darslar o‘tkazilgan edi. Shu bilan birga, o‘tkazilgan treninglarda gender tengligining muhimligi, ya’ni erkaklar va ayollar uchun hayotning barcha sohalarida, jumladan, qishloq xo‘jaligida, shuningdek, kichik biznes va tadbirkorlikda teng sharoitlar, huquq va imkoniyatlar yaratilishiga bag‘ishlangan taqdimotlar qilindi.

Теги :
Jamiyat