$
 12170.67
20.83
 14048.60
44.69
 152.30
1.2
weather
+26
Кечаси   +14°

Noqonuniy bannerlar, reklama obyektlariga ekologik talablar, maxsus platforma — poytaxtning dizayn kodi nimalardan iborat boʻladi?

reklama

18-dekabr kuni Toshkent shahar hokimligining Raqamli rivojlanish departamenti vakili Alixon Axmadjonov ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Toshkentning tashqi reklama dizayn-kodi, uning ahamiyati va amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi. Dizayn-kod shaharning umumiy estetik qiyofasini yaxshilash, reklama bozorini tartibga solish va madaniy merosni himoya qilishga qaratilgan ilk me’yoriy hujjat sifatida tasdiqlandi.

MDH davlatlarining shaharsozlik tajribasi asosida

Alixon Axmadjonovning ta’kidlashicha, dizayn-kod faqatgina reklama obyektlari joylashuvini tartibga solish bilan cheklanmaydi, balki shaharning umumiy estetik muvozanatini ta’minlashga xizmat qiladi. Ushbu yondashuv shahar aholisi va mehmonlari uchun qulay va jozibador muhit yaratishga qaratilgan.

Ekspertning fikricha, Toshkentning dizayn-kodini ishlab chiqishda boshqa mamlakatlarning ilg‘or tajribalaridan keng foydalanilgan. Xususan, Qozon, Novosibirsk va Olmaota shaharlarining reklama tizimidagi amaliyotlari Toshkent uchun o‘rnak bo‘lib xizmat qilgan. Bu shaharlar o‘zlarining reklama bozorini tartibga solish orqali nafaqat shaharning vizual tozaligini ta’minlagan, balki reklama joylashuvi orqali shaharning iqtisodiy jozibadorligini oshirgan.

Dizayn-kodni ishlab chiqish bosqichlari

Dizayn-kodni ishlab chiqish bir necha bosqichda amalga oshirildi:

 1. Birinchi bosqich: 2024-yil 1-mayda Namunaviy to‘plam qabul qilindi. Bu hujjatda reklama obyektlarining joylashuvi, o‘lchamlari, texnologik xususiyatlari va ular orasidagi minimal masofa bo‘yicha talablar belgilandi.

 2. Ikkinchi bosqich: 25-oktyabrda yangi qoidalar qo‘shildi. Xususan, transportdagi reklama uchun aniq reglament joriy qilindi. Transport vositalarida reklama joylashtirishda qat’iy cheklovlar va talablar belgilandi. Reklama faqat transportning yon tomonlariga joylashtirilishi, uning o‘lchamlari va materiallari esa alohida standartlarga mos bo‘lishi lozim.

 3. Kelgusi rejalarga ko‘ra, derazalar, daraxtlar, simyog‘ochlar, axlat qutilari kabi elementlar uchun ham alohida qoidalar ishlab chiqiladi.

Noqonuniy reklama obyektlari

Ta’kidlanishicha, Toshkentda 2024-yilning noyabr holatiga ko‘ra 11 mingdan ortiq reklama obyektlari mavjud bo‘lgan. Ularning atigi 857 tasi yangi dizayn-kodga moslashtirilgan va zamonaviy elektron pasportga ega. Qolgan obyektlar uchun o‘z faoliyatini qonuniylashtirish bo‘yicha muddat belgilangan.

Noqonuniy reklama obyektlarini olib tashlash va monitoring qilish ishlari tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. Buning uchun shaharda maxsus inspektorlar jamoasi faoliyat yuritadi. Har bir reklama obyektining holati va qonuniyligi bo‘yicha raqamli pasportlash jarayoni davom etmoqda. QR-kod orqali har bir obyektning egasi, amal qilish muddati va texnik xususiyatlarini aniqlash mumkin.

Reklama obyektlari qo‘yilayotgan ekologik talablar

Reklama obyektlarining ekologik talablarga mos kelishi dizayn-kodning muhim jihatlaridan biri sifatida belgilangan. Matbuot anjumanida reklama obyektlarida qayta ishlanadigan materiallardan foydalanish va energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha maxsus chora-tadbirlar haqida so‘z bordi.

Axmadjonovning ta’kidlashicha, shahardagi LED ekranlarning yorqinligi maxsus o‘lchov uskunalari yordamida nazorat qilinmoqda. Bu nafaqat energiya iste’molini kamaytirishga, balki shaharning ekologik muhitini yaxshilashga xizmat qiladi. Yorqinlik me’yorlarining buzilishi nafaqat iqtisodiy zarar keltiradi, balki piyodalar va haydovchilar uchun xavf tug‘dirishi mumkin. Endilikda reklama ekranlari va media-fasadlarning yorqinligi qat’iy me’yorlarga moslashtiriladi.

Madaniy meros

Shaharning madaniy meros obyektlariga taalluqli hududlarda reklama joylashtirish qat’iyan taqiqlangan. Bunday hududlarga madaniy meros obyektlari, diniy muassasalar, qabristonlar, ayrim davlat idoralari, shuningdek, mozaikali binolar kiradi. Xaritalarda nafaqat obyektlarning o‘zi, balki ular atrofidagi bufer zona ham belgilab qo‘yilgan. “Biz joylashtirilgan reklama u yoki bu madaniy meros obyektini to‘sib qo‘ymasligi kerak, degan tamoyildan kelib chiqib, har bir obyekt uchun bufer zonani alohida hisoblab chiqdik”, — deydi ekspert. Bu choralar shaharning tarixiy va madaniy qiyofasini asrashga qaratilgan.

Til va imloviy talablar

Shahar reklama tizimida davlat tili va imloviy talablar alohida e’tiborga olingan. Reklama matnining kamida 60 foizi davlat tilida bo‘lishi majburiy hisoblanadi, qolgan 40 foiz matn boshqa tillarda berilishi mumkin.

Reklama matnlarida imloviy xatolarni bartaraf etish bo‘yicha ishlar doimiy ravishda amalga oshiriladi. Maxsus mas’ul xodimlar tadbirkorlarga reklama matnlarini qonun talablariga moslashtirish bo‘yicha yordam ko‘rsatadi.

2025-yildan nimalar o‘zgarmoqda?

Anjumanda shuningdek, kelgusi yilga mo‘ljallangan bir qator rejalar haqida ham so‘z yuritildi:

 1. Elektron platformani ishga tushirish: 2025-yil boshida “Treklama.uz” platformasi ishga tushiriladi. Bu platforma orqali tadbirkorlar barcha kerakli ma’lumotlarni olishlari va arizalarni rasmiylashtirishlari mumkin bo‘ladi.

 2. Auksionlar tashkil etish: Reklama obyektlari joylashuvi bo‘yicha ochiq auksionlar o‘tkaziladi, bu esa bozorning shaffofligini oshiradi.

 3. Reklama obyektlarini to‘liq pasportlash: Shahardagi barcha reklama obyektlari yangi standartlarga moslashtiriladi.

“Bizning maqsadimiz nafaqat shahar ko‘rinishini yaxshilash, balki aholiga va tadbirkorlarga qulaylik yaratishdir. Yangi dizayn-kod Toshkentni nafaqat zamonaviy, balki madaniy merosini asrab qolgan jozibador shahar qilishga xizmat qiladi,” — deydi so‘zining yakunida Alixon Ahmadjonov.

Теги :
Jamiyat