$
 12610.17
-9.84
 13526.93
4.59
 135.24
-0.5
weather
+26
Кечаси   +14°

Diabet oldi holatni davolash uchun nimalarga amal qilish kerak?

Diabet

Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati diabet oldi holatni davolash boʻyicha bir qancha tavsiyalar berib oʻtdi. 

Diabet oldi holat nima?

 Diabet oldi holat — bu inson organizmida uglevod almashinuvining erta buzilishi boʼlib, normal ahvol va qandli diabet oʼrtasidagi oraliq holatdir.

Mutaxassis izohi

Tibbiyot fanlari doktori Sevara Faxrutdinova diabet oldi holatini nima ekanligini va u qancha vaqt davom etishi haqida maʼlumot berdi.

Аgar turmush tarzi oʼzgartirilmasa, 70 foiz bemorlarda diabet oldi holat 3 yildan 10 yilgacha boʼlgan davr ichida qandli diabetga oʼtadi. Ilmiy tadqiqotlarga koʼra, diabet oldi holatda oʼz vaqtida tayinlangan davo muolajalari, parhez va sogʼlom turmush tarzi 58 foiz hollarda qandli diabet rivojlanishining oldini oladi.

Davolash uchun tavsiyalar

Diabet oldi holatni davolash uchun quyidagi tavsiyalarga amal qilish lozim:

1. Jismoniy faollik. Har kuni 30-60 daqiqa, haftasiga kamida 5 marotaba 2-3 km (5000 qadam) piyoda yurish, zinadan tepaga chiqish, velosiped haydash, raqsga tushish, suzish.

 2. Toʼgʼri va meʼyorda ovqatlanish. Oqsillar, shu jumladan oʼsimlik oqsillari, kletchatkaga boy boʼlgan sabzavotlarni koʼproq isteʼmol qilish, ovqatda kaloriya miqdorini sutkasiga 1500 kkal gacha qisqartirish, uglevodlar, yaʼni shirinliklar, fast-fud, gazlangan ichimliklarni kamaytirish, yogʼ isteʼmolini oziq-ovqat umumiy kaloriyasidan 30-35 foizgacha cheklash.

3. Kun tartibini toʼgʼri tashkil etish. Notoʼgʼri uyqu rejimi qondagi qand miqdoriga taʼsir qilishi, bu esa ishtahaning oshishi va vazn ortishiga olib kelishi mumkin. Sutkasiga oʼrtacha 7-8 soat uxlash tavsiya etiladi.

 4. Zararli odatlardan voz kechish. Tamaki chekishni tashlash, spirtli ichimliklardan voz kechish. Oʼtkir alkogolь mahsulotlari yuqori kaloriyaga egaligini inobatga olib, semizlik, diabet oldi holat yoki qandli diabeti boʼlgan insonlar ularni isteʼmol qilmasliklari kerak.

 5. Stress va zoʼriqishdan saqlanish. Stress va surunkali charchoq orgnizmdagi gormonal oʼzgarishlarga sabab boʼlishi mumkin. Bu esa qand metabolizmi bilan bogʼliq turli muammolarni keltirib chiqaradi. 

Dorilar shifokor tomonidan beriladi

Diabet oldi holatni davolash uchun qanday dori vositalarini qabul qilish lozimligi toʼgʼrisidagi tavsiyalar aniq tashxis qoʼyilgandan soʼng oilaviy shifokor yoki endokrinolog tomonidan beriladi.

Теги :
Жамият