Deputatlar majburiy ta’limni 12 yillik qilish to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi
O‘zbekistonda bir yillik maktabga tayyorlov bosqichini majburiy umumiy o‘rta ta’lim tarkibiga kiritish rejalashtirilmoqda. Qonunchilik palatasi bu boradagi qonun loyihasini qabul qilib, Senatga yubordi. Yangi tartib ta’limning majburiy muddatini 12 yilga yetkazishni nazarda tutadi.
2 daqiqa o‘qiladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida maktabgacha va maktab ta’limi tizimini o‘zaro integratsiya qilishga qaratilgan qonun loyihasi uchinchi o‘qishda ko‘rib chiqilib, qabul qilindi.
Bir yillik maktabga tayyorlov majburiy ta’lim tarkibiga kiritiladi
Qonun loyihasiga muvofiq, bolalar uchun bir yillik maktabga tayyorlov bosqichi majburiy umumiy o‘rta ta’limning boshlang‘ich qismi sifatida belgilanmoqda. Ushbu tartibni joriy etish orqali O‘zbekiston ta’lim tizimini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish ko‘zda tutilgan.
Hujjat bilan “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi hamda “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunlarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Ular bir yillik majburiy maktaboldi tayyorgarligini umumiy o‘rta ta’lim tizimiga qo‘shish, ushbu jarayonni maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarda tashkil etish hamda bolalarning mazkur tayyorgarlikdan o‘tish huquqini kafolatlashni nazarda tutadi.
Yangi tartib ta’lim bosqichlari o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlaydi
Majlisda ta’kidlanishicha, qonunning qabul qilinishi maktabgacha va maktab ta’limi o‘rtasidagi uzviylikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Shuningdek, bolalarni maktab ta’limiga tayyorlash sifatini yaxshilash, ularning ta’lim olish huquqlarini kafolatlash va O‘zbekiston ta’lim tizimining xalqaro miqyosdagi mavqeini oshirishga qaratilgan.
Bundan tashqari, yangi tartib fuqarolarning xorijiy davlatlarda o‘qish faoliyatini davom ettirishi uchun ham qulay sharoit yaratishi kutilmoqda.
Qonun loyihasi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilinib, ko‘rib chiqish uchun Senatga yuborildi.



