$
 11993.53
40.8
 14054.02
32.27
 158.52
-0.96
weather
+26
Кечаси   +14°

5 kunlik ta’til: Endi erkaklar ham “dekret”ga chiqishi mumkin

dekret

O‘zbekistonda mehnat tizimida jiddiy o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda. Endi faqat onalar emas, balki otalar ham farzand tug‘ilganda ta’til olishi kutilmoqda. Bu bo‘yicha qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qildi. Yangi qonun loyihasida yana qanday o‘zgarishlar bor?

Otalarga ham ta’til berilishi rejalashtirilmoqda

5-may kuni deputatlar mehnat munosabatlarini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. “Milliy tiklanish” partiyasi fraksiyasida aytilishicha, ushbu loyiha orqali ishlayotgan erkaklarga farzand tug‘ilganda qisqa muddatli ta’til berish ko‘zda tutilgan. Bu vaqt ichida ular turmush o‘rtog‘iga yordam berishi va boshqa farzandlariga qarab turishi mumkin.

Aslida bu tashabbus yangilik emas, 2024-yilda ham bu haqda gapirilgan edi. O‘shanda Mehnat kodeksiga o‘zgartirish kiritish orqali erkaklarga farzand tug‘ilgandan keyin ta’til berish taklif qilingandi. Yangi loyihaga ko‘ra, otalar bola tug‘ilgandan keyin bir oy ichida 5 kun davomida oyligi saqlangan holda ta’til olishi mumkin bo‘ladi.

Ish beruvchilar uchun javobgarlik kuchayadi

Yangi qonun loyihasida mehnat bozoridagi tartibni kuchaytirish ham ko‘zda tutilgan. Xususan, odamlarni mehnat shartnomasisiz ishga olish, bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumot bermaslik yoki ish haqini vaqtida to‘lamaslik kabi holatlar uchun javobgarlik yanada oshiriladi.

Agar ish beruvchi oylikni kechiktirsa, endi har bir kechiktirilgan kun uchun xodimga kompensatsiya to‘lashi kerak bo‘ladi. Bu ishchilarning huquqlarini yanada himoya qilishga xizmat qiladi.

Ish jarayonlari soddalashadi va raqamlashtiriladi

Qonun loyihasida ishga kirish jarayonini ham yengillashtirish rejalashtirilgan. Endi ortiqcha hujjatlar talab qilinmaydi, asosan shaxsiy identifikatsiya raqami yetarli bo‘ladi. Faqat harbiy xizmatga majbur bo‘lganlar tegishli hujjatni taqdim etadi.

Shuningdek, elektron mehnat daftarchasidan ko‘chirma berish amaliyoti bekor qilinadi. Elektron raqamli imzo yoki Face-ID orqali tasdiqlangan hujjatlar esa oddiy qo‘l bilan imzolangan hujjatlar bilan teng kuchga ega bo‘ladi.

Bundan tashqari, qonun loyihasida ish joyida tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurashish ham alohida o‘rin olgan. Bunday holatlarni oldini olish va jabrlangan xodimlarni himoya qilish bo‘yicha aniq choralar belgilanyapti.

Теги :
Jamiyat