$
 12969.56
-10.77
 14768.44
-10.96
 157.09
2.58
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekiston aholisining yarmidan ko‘pi yurak qon-tomir kasalliklaridan vafot etmoqda

o

Har yili minglab oila yurak qon-tomir kasalliklari tufayli yaqinlarini yo‘qotmoqda. Ushbu kasalliklar bugungi kunda mamlakatimizda eng katta o‘lim sababi sifatida qayd etilmoqda va bu holat butun jamiyat uchun signal bo‘lib xizmat qilmoqda. Xastalikning oldini olish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish mamlakatning dolzarb masalalaridan biri bo‘lib qolmoqda. 2024-yil yanvar–sentyabr oylarida vafot etganlar soni 131,7 ming kishini tashkil etdi. Bu haqda Statistika agentligi ma’lum qildi.

131,7 ming ta o‘lim

O‘zbekistonda 2024-yil yanvar–sentyabr oylarida vafot etganlar soni 131,7 ming kishini tashkil etdi. Shundan erkaklar 72,3 ming nafar, ayollar 59,4 ming nafar. Vafot etganlardan 74,5 ming kishi shaharlarda, 57,2 ming kishi qishloqlarda yashagan.

Mamlakatda har 100 ming aholiga jami vafot etgan erkaklar soni 517,6 nafar, ayollar esa 430,5 nafarga to‘g‘ri kelgan.

Aholi asosan qaysi kasalliklardan vafot etmoqda?

Agentlikning qayd etishicha, to‘qqiz oy mobaynidagi o‘lim holatlarining 57,2 foizi qon aylanish tizimi kasalliklaridan, 9,5 foizi o‘simtalardan kelib chiqqan.

Shu bilan birga, vafot etganlarning 6,5 foizida nafas olish a’zolari kasalliklari qayd etilgan. Qolgan 5,8 foiz marhum baxtsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlanishlardan, 4 foizi ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklaridan, 1,2 foizi yuqumli va parazitar kasalliklardan, 15,8 foizi boshqa kasalliklardan vafot etgan.

2023-yildagi o‘lim ko‘rsatkichlari

O‘zbekistonda 2023-yilning yanvar–sentyabr oylarida vafot etganlar soni 129,7 ming kishini tashkil etdi. Shundan 71,4 ming nafari erkaklar, 58,3 ming nafari ayollar. Uch chorak davomida shahar joylarida olamdan o‘tganlar soni 69,6 ming, qishloq joylarida vafot etganlar 60,1 ming nafarga yetgan. Eng ko‘p o‘limlar avgust oyida (10 ming 308 ta) kuzatilgan. O‘lim holatining 58,9 foizi qon aylanish tizimi kasalliklaridan kelib chiqqani ma’lum qilingan.

Yurak qon-tomir kasalliklari turlari

Ma’lumot uchun, yurak qon-tomir kasalliklariga arterial gipertoniya, yurak ishemiyasi, kardiyomiyopatiya, yuqumli endokardit, miokardit, aorta anevrizmasi, o‘pka gipertoniyasi hamda venoz tromboembolik asoratlar kiradi.

Global ma’lumotlar va mintaqaviy kuzatishlarga asoslangan holda, O‘zbekiston yurak-qon tomir kasalliklari bo‘yicha o‘lim darajasining eng yuqori ko‘rsatkichlariga ega mamlakatlardan biridir. Masalan, Yevropa sog‘liqni saqlash monitoringi ma’lumotlari ham O‘zbekistonda noinfeksion kasalliklar, ayniqsa yurak kasalliklarining yuqori darajada ekanligini tasdiqlaydi.

Qon aylanish kasalliklarining aksariyati hayot tarzi, genetik omillar, yomon odatlar va turli risk omillariga bog‘liq bo‘lib, ularning oldini olish uchun sog‘lom ovqatlanish, jismoniy faoliyat va yomon odatlardan voz kechish tavsiya etiladi.