XXI asrning eng yaxshi darvozabonlari
“Onasi bor odamlar hech qachon qarimaydi”, “Sovuqqonlik timsoli”, “Afsonaviy ispan kiperi” — Goal portali XXI asrning eng yaxshi darvozabonlari reytingini taqdim etdi.
3 daqiqa o‘qiladi

Goal portali XXI asrning eng yaxshi darvozabonlari reytingini taqdim etdi.
Onasi bor odamlar hech qachon qarimaydi
Reytingning birinchi pog‘onasini kimlar uchundir kutilgan, yana kimlar uchundir kutilmagan tarzda Janluiji Buffon egalladi. Italiya terma jamoasi sobiq darvozaboni, afsonaviy Janluiji Buffon o‘tgan yili, 45 yoshida futbolchilik faoliyatini yakunladi. Buffonning “Parma” bilan yana bir yillik shartnomasi bor bo‘lgan, ammo kiper futboldan ketishga qaror qiladi. U 1995-yilda “Parma” safida ilk marta katta futbolda maydonga tushib, 2001-yilga qadar jamoa sharafini himoya qilgan.

Bu klubdan esa 23 yoshida rekord transfer – 52 million yevro evaziga “Yuventus” safiga qo‘shilib, 2018-yilgacha Turin klubi sharafini himoya qildi. Bir yil “PSJ”da faoliyat yuritgan golkiper 2019-yil “Yuventus”ga qaytgandi. U turinliklar safida 10 karra A Seriya chempionligini qo‘lga kiritgan. 2010-yil Buffon Italiya milliy jamoasi sardoriga aylangan bo‘lsa, 2018-yilda milliy jamoadan ketishini e’lon qilgandi. U faoliyati davomida 5 ta jahon chempionatida (1998, 2002, 2006, 2010, 2014) qatnashgan. 2006-yil Germaniyada o‘tgan mundialda bosh sovringa ega chiqib, turnirning eng yaxshi darvozaboniga aylangandi.
Sovuqqonlik timsoli
Asr reytingining ikkinchi pog‘onasidan “Bavariya”ning amaldagi darvozaboni Manuel Noyer o‘rin olgan. U 2011-yildan buyon myunxenliklar sharafini himoya qilmoqda. Darvozabon jamoada 2000-yildan keyin eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi sanaladi. “Bavariya”da Noyerdan ko‘proq faqat Tomas Myuller (685) va Filipp Lam (517) maydonga tushgan. 38 yoshli darvozabon 21-avgust kuni ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali xalqaro faoliyatini yakunlaganini ma’lum qilgan. Noyer 2009-yildan buyon Germaniya milliy jamoasi sharafini himoya qilib kelayotgandi. U nemislar safida 124 o‘yinda maydonga tushib, JCH-2014 chempionligini qo‘lga kiritgan.
Afsonaviy ispan kiperi
Ko‘pchilik ushbu nomzodni sanaganda ba’zan birinchilikka aynan uni loyiq ko‘radi. Biroq nashr uni uchinchi o‘ringa loyiq deb topdi. Iker Kasilyas — futbol tarixidagi eng yaxshi darvozabonlardan biri, Ispaniya terma jamoasining sobiq sardori, jahon chempioni, 2 karra Yevropa, 5 karra Ispaniya chempioni (Madridning “Real” klubi safida). “Real” bilan 2 marta Ispaniya kubogini, 4 bor Superkubogini yutgan. 3 karra Chempionlar ligasi g‘olibi, klublar o‘rtasidagi jahon chempioni.

UEFA tasnifiga ko‘ra 6 bora yil ramziy jamoasiga kiritilgan. Ikerning “Portu”dagi oxirgi o‘yini 2019-yil aprelida bo‘lgan. Keyin esa mashg‘ulot payti uning yuragi huruj qilib qolgan va o‘shandan so‘ng Kasilyas maydonga tushmagan. Ammo Jahon va Yevropa chempioni faoliyatini tugatish haqida 2020-yilda e’lon qildi. Shu bilan birga infarkt bo‘lganidan keyingi ahvoli haqida ham qisqacha bayon etdi:
“O‘sha sodir bo‘lgan voqeadan so‘ng hayotimda ko‘p narsa o‘zgarib ketdi. Bir oygacha o‘zimga kelolmadim: yurishdan, uxlashdan, turli jismoniy mashqlar bajarishdan ham qo‘rqib qolgandim. Buning iloji ham yo‘q edi. Albatta, futbol maydoniga qaytishni juda-juda xohladim, biroq bunday vaziyatda hissiyotlarga berilmasligim lozim edi. Shuning uchun birinchi o‘ringa sog‘lig‘imni qo‘ydim.”
Top—7
Asr darvozabonlari reytingining qolgan yettiligi quyidagicha:
- Petr Chex
- Tibo Kurtua
- Alisson
- Oliver Kan
- Edvin van der Sar
- Yan Oblak
- Emiliano Martines




