Toshkentda uy eshigini poylagan yigit 5 sutkaga qamaldi
U sudda uy yaqinidan oʻtib ketayotganida kimdir yordam soʻrab chaqirgan, shuning uchun oʻsha qavatga chiqib, eshiklarni poylaganini aytgan.
1 daqiqa o‘qiladi

Telegram kanallarida bir yigit Toshkentdagi xonadonlarning eshigini poylab yurgani aks etgan video tarqaldi. Ushbu uyda yashovchilarning arizasiga koʻra yigit shaxsi aniqlanib, unga sud hukmi oʻqildi.
Yordam ovozini eshitgani uchun koʻz tirqishidan qaragan
Qayd etilishicha, 2024-yilning 2-may kuni A.B. ismli 24 yoshli yigit tungi soat 02:30 atrofida Toshkent shahar Mirzo Ulugʻbek koʻchasidagi koʻpqavatli 142-uyning oldidan oʻtib ketayotgan vaqtida, yordam soʻrab chaqirgan ovozni eshitgan. Shu sababli aynan kim yordam soʻrayotganini bilish maqsadida ushbu uyning toʻrtinchi yoʻlagidagi xonadonlarini koʻz tirqishlariga qarab, xonadonlarni eshitgan. Oqibatda xonadonda yashovchilarni qoʻrqitib, ularning tinchligini buzgan.
IIB xodimlarining qonuniy talablarini ham buzgan
Holat boʻyicha u IIB binosiga taklif qilinganida, idoraga kelishdan bosh tortib, IIO xodimlarining qonuniy talablarini bajarmagan.
5 sutkalik qamoq va BHMning 5 baravari miqdoridagi jarima
Sud uni Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) va 194-moddasi 1-qismi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) bilan aybdor deb topib, unga nisbatan 5 (besh) sutka maʼmuriy qamoq hamda BHMning 5 baravari miqdorida jarima jazosi tayinladi.



