Ertaga UzAuto Motors 25 mingta Cobaltni savdoga chiqaradi
Kompaniya shartnomalar bo‘yicha to‘lov 7 kalendar kunida amalga oshirilishi lozimligini ma’lum qilgan.
1 daqiqa o‘qiladi

UzAuto Motors kompaniyasi 21-iyun kuni soat 10:00 dan boshlab Chevrolet Cobalt avtomobilining 2024 yilgi ishlab chiqarish hajmi uchun onlayn kontraktatsiyani ochishini ma’lum qildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar beradi. Unda qayd etilishicha, kontraktatsiya 25 ming dona Cobalt uchun ochilishi rejalashtirilgan.
Qanday xarid qilish mumkin?
Avtomobillarni xarid qilishda shartnoma tuzish faqat savdo.uzavtosanoat.uz sayti orqali amalga oshiriladi. Shuningdek, Telegram bot hamda UzAvtosavdo ilovasi navbatni kuzatish xizmatini hamda mavjud avtomobillar haqida ma’lumotni taqdim etadi.
To‘lov shartlari
Kompaniya avtomobil xaridi uchun tuzilgan shartnomalar bo‘yicha to‘lov 7 kalendar kun ichida amalga oshirilishi lozimligini eslatib o‘tdi. To‘lov vaqtida bo‘lmasa, mazkur shartnomalar avtomatik ravishda bekor qilinib, kontraktatsiyaga qayta qo‘yiladi. Ma’lumot uchun, oxirgi marta UzAuto Motors 8-may kuni soat 10:00 da avvalgi shartnomalardan chiqarilgan Gentra, Damas va Labo uchun kontraktatsiyani ochgandi.



