2024-yilda eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchilar
Futbol tadqiqotlari markazi butun jahon bo‘yicha milliy ligalar va terma jamoalar uchun 2024-yilda eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchilar reytingini e’lon qildi. O‘zbekistonlik futbolchilarning natijasi qanday?
2 daqiqa o‘qiladi

Futbol tadqiqotlari markazi butun jahon bo‘yicha milliy ligalar va terma jamoalar uchun 2024-yilda eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchilar reytingini e’lon qildi. O‘zbekistonlik futbolchilarning natijasi qanday?
Umumiy reyting
Jahon miqyosida maydonda eng ko‘p vaqt o‘tkazgan futbolchi “Barselona” va Fransiya terma jamoasi himoyachisi Jyul Kunde bo‘ldi. 2024-yilning boshidan 15-dekabrigacha bo‘lgan davrda tajribali futbolchi hammasi bo‘lib 69 ta uchrashuvda ishtirok etib, 5872 daqiqa maydonda harakat qilgan. Kuchli uchlikdan Braziliyaning “Fluminense” klubida o‘ynayotgan Kolubiya terma jamoasi o‘yinchisi Jon Arias (67 ta o‘yin, 5599 daqiqa) hamda “Real” hamda Urugvay terma jamoasi yarim himoyachisi Federiko Valverde (66 ta o‘yin, 5573 daqiqa) joy oldi.
O‘zbek legionerida rekord
Xorijda to‘p tepayotgan o‘zbekistonlik charm to‘p ustalari orasida eng ko‘p o‘yin o‘tkazish bo‘yicha SSKA yarimhimoyachisi Abbosbek Fayzullayev yetakchi bo‘ldi. 21 yoshli yarimhimoyachi Rossiya Premer-ligasida ishtirok etayotgani bois, reytingga mana shu chempionat vakili sifatida kiritildi. Fayzullayev Rossiya Premer-ligasi vakillari orasida 2024-yil davomida eng ko‘p maydonda harakat qilgan futbolchi sifatida rekord o‘rnatdi. Legionerimiz jami 58 ta uchrashuvda ishtirok etib, 3942 daqiqa to‘p tepgan. Bu reytingda Abbosning nafaqat SSKA, balki O‘zbekiston milliy va U-23 terma jamoalarida o‘tkazgan bellashuvlari ko‘rsatkichlari ham kiritilgan.
O‘zbekiston Superligasi natijalari
Ekspertlar O‘zbekiston Superligasi o‘yinchilari reytingini ham e’lon qildi. Unga ko‘ra, mavsumni “Navbahor”da o‘tkazgan Odilbek Hamrobekov birinchi o‘ringa loyiq ko‘rildi. Tajribali yarim himoyachi namanganliklar safidagi o‘yinlardan tashqari O‘zbekiston milliy terma jamoasi uchrashuvlarida ham faol qatnashdi. 28 yoshli futbolchimiz yil davomida jami 47 marotaba maydonga tushib, jami 4 114 daqiqa o‘ynagan. Boshqa biror futbolchimiz yil davomida Hamrobekovdan ko‘p o‘ynagani yo‘q. Superligamiz vakillari orasidan kuchli uchlikka O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari – “Nasaf” himoyachisi Sherzod Nasrullayev (41 ta o‘yin, 3 462 daqiqa) hamda “Navbahor” o‘yinchisi Farrux Sayfiyev (40 ta o‘yin, 3 435 daqiqa) kiritildi.



