Juma, 23-oktabr, 2026
Havo 72 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +13° kechasi +8°

Chuvilloqning chalobi yoki bir farishta bilan tanishuv

Endi bundan berisi bahor emas, yoz! Kun qaynagandan qaynaydi, osmon — yumaloq tandir-u odamni Samarqand noniday qizartirish bilan ovvora quyosh nurini ayamay sochadi.

4 daqiqa o‘qiladi

Chuvilloqning chalobi yoki bir farishta bilan tanishuv

Endi bundan berisi bahor emas, yoz! Kun qaynagandan qaynaydi, osmon — yumaloq tandir-u odamni Samarqand noniday qizartirish bilan ovvora quyosh nurini ayamay sochadi. Shunday kunlarda joningga bir kosa muzdekkina chalob davoda, o‘ziyam. Bu yil hisobidan shu rohatijonni Chuvilloqda ichdim. Yana kimsan, yetmish yettiga yetib, harakatlaridagi chaqqonlikka, tilidagi biyronlikka biz yetolmaydigan Jumagul enamizning qo‘llaridan ichdim.

Husniddin akaning otameros hovlisida jon ko‘p, jondan jondor ko‘p. Ayniqsa, bayram-hayit kunlarimi yo tug‘ilgan kun bo‘lsinmi, uyda odam rosmana qaynaydi. Mehmon desa darvozasining zulfini qulfiga bosh qo‘ymaydigan bu hovlida yaxshi kunning keti uzun. Men borgan kun ham shunday bir xursandchilik — Ramazon hayitiga to‘g‘ri keldi. Uy ichi-yu hovlidagi so‘ri to‘la odam… Xo‘p, o‘zbekning mehmondo‘stligini bilasiz, ta’rif qilmoqchi emasman, enamdan gapiray.

Xullasi kalom, mehmonlar ketdi. Enamiz so‘riga yondashdi. Ortidan kelib, qo‘limda fotoappart, men ham shu yerga turdim. Atrofiga o‘tirib, enamizdan so‘rov boshladim:

— Ena, nechaga chiqdingiz?

Enamiz ham mehmon bilib siyladimi, yo xush ko‘rib so‘zladimi, har savolimga erinmay javob berdi:

— Yetmish yettiga kirdim. Boboy rahmatli ikki yarim yil avval omonatini topshirdi, tirik bo‘lsa, sakson birga kirardi.

— Nevaralardan nechta, ena?

— Sonini bilmasam, bolam. Jiynab (yig‘ilib) kelsa, shu hovli to‘ladi. Evaralaram bir etak bo‘ldi hozir. Umrim uzoq bo‘lsin, deyman, shu hammasini to‘ylarini ko‘rsam. Avvallari ko‘tarib qarab turardim, endi kuch ham qolmayapti, evaralar kelsa picha o‘ynatay deyman, quloq qurg‘ur eshitmay, qo‘lda quvvat yo‘q. Ishqilib, joni omon bo‘lsin hammasining. Xudoga shukr, boriga shukr…

Enamiz gapiradi, gap orasida tilidan shukri tushmaydi. Ko‘rganiga, ko‘rsatganiga shukr deydi enamiz. Men undan-bundan so‘rayman, kun qanday, kecha qanday, ro‘zadorlik charchatmadimi, bilgim keladi. Yo‘q, deydi enamiz. Aytishlaricha, saharlik boshidan nevarasi Oybekni uyg‘otib choy damlatarkan, keyin choyga non solib, ivitib qo‘yarkan.

— Men bir tishsiz odam bo‘lsam, yumshoq nonniyam jibitmasdan (ivitmasdan) yeyolmasam. Ular hammasi gurra keladi, yeydi-ketadi. O‘z hisobim o‘zim bilanda, bolam.

Kuni bilan hovliga qaraymiz Dilbar ikkimiz, deydi enamiz. Kenjasining kenjasi — Dilbar shu yili maktabga chiqadi. Haftada ikki tayyorlov darsiga boradi. Qolganida enamizning ermagi, ko‘z-u qulog‘i.

— Dilbar ketsa, men shu uyga bir egada, endi. Hammasi maktabda bo‘ladi. Husniddin Avliyo (Avliyota qishlog‘i)dagi maktabda, kelin o‘zimizda dars beradi. Oybek bilan Muxtor ham tushgacha o‘qiydi. Dilbar ikkimiz molga quloq, itga quloq bo‘lib o‘tiramiz.

Enamiz erinmaydi, turib itga dovur o‘zi xabar olib, suv-u suyak soladi. Itning ham bolalar tilida bo‘lak nomi, enamizning aytmishida boshqa oti bor — Ko‘ktoy!

  Enamiz tinmaydi, tinishdan saqlasin, deydi. Tilida shukri bilan ro‘zg‘orning u yo bu ishini malollanmay qilaveradi. Kelin ishlaydi, hammasiga ulgurmoq osonmi, deydi enamiz.

Enamiz qozon boshiga o‘tadi, o‘tinxonaga o‘tadi — men dum. Har so‘zini bamaylixotir, donalab hikoya qiladi enamiz. Men tinglab, ora-chora savol berib turaman. Oshxonada idish yuvib, yoshligini eslaydi enamiz.

— Hali endi kelin vaqtim hozirgiday idish serob emasdi. Uch qayinsinglim, qaynilarim bor uyda, suyuq ovqat qilsak, qaynonamga, qaynilarimga kosada suzardim-da uch qayinsinglim bilan o‘zimga bir chuqur tovoqqa solib borardim. Enamlar mehmonga kelib, “kosaga solsang bo‘lmaydimi” desa, “ha, ena, kamroq idish yuviladi, kamroq kosa ishlatiladi, shu qulay” derdim.

Hali ovqatlanishda katta tovoq, ichiga bittagina qoshiq solardik, men ichardim-da, so‘g‘in qayinsingillarimga berardim. Bir kuni buni katta ovsinim ko‘rib, sekin turtdi-yu “avval ular ichsin, keyin siz iching” dedi. Men bilmay, bulardan kattaman deb o‘zim birinchi icharkanman, keyin qoshiqni berarkanman. Shu-shu qaytib bunday xato qilmadim. Lekin haliyam qayinsingillar mehmonga kelishganda to‘rga chiqingizlar, desam “siz kattasiz-ku, siz chiqavering” deb kulib qolishadi.

Kulamiz ikkimiz ham. Enamiz orada bir tin oladi-da yana qo‘zg‘aladi.

— Kel, balajon, senga chalob qilib beraman.

Gap gap joyida, gurung gurung joyida davom etib, ikkimiz oshxonadan qatiq solib, zardobi ketsin uchun osib qo‘yilgan to‘rva — chakkixalta tomon yuramiz.

Xaltadan idishga chakki (suzma) oladi enamiz. Keyin uni cho‘michda ezib, suv qo‘shadi. Tuz solib, yana aylantiradi.

Keyin menga “tuzko‘rdi” qildirib, kosalarga quya boshlaydi.

Men tayyor chaloblarni patnisga solaman-u qolganlarga eltishga, hammasidan ham, enamiz tayyorlagan shunday huzurijonni tezroq ichishga shoshilaman. Vaqtingiz bo‘lsa, siz ham Jumagul enamizning qo‘llaridan chalob ichishga keling. Chuvilloqqa tushib, Husniddin muallimning uyini so‘rasangiz, hamma yo‘lga solib yuboradi. Ulardan biri enamizning nevaralaridan bo‘lib chiqsa ham ajab emas…

Kamol Azzam,

(Matn va suratlardan muallif ruxsatisiz

foydalanish qonunga muvofiq ta’qib qilinadi.)