Seshanba, 20-oktabr, 2026
Havo 86 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +21° kechasi +9°

Chiroqchi hokimi tandirni tepib, fuqaroga shapaloq tushirdi

U yana shu kabi holatlarga yoʻl qoʻygan taqdirda tegishli javobgarlikka tortilishi toʻgʻrisida qat’iy ogohlantirildi.

2 daqiqa o‘qiladi

Chiroqchi hokimi tandirni tepib, fuqaroga shapaloq tushirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani hokimi Fayzulla Yusupov fuqaroga qoʻl koʻtargani tasvirlangan videolar paydo boʻldi. Voqea hududdagi kuzatuv kameralariga tushib qolgan.

Mazkur holat tasvirlangan videoga izoh beruvchiga tuman hokimi avvaliga tandirni tepgan va soʻngra IIB xodimlari yonida turgan fuqaroga tarsaki tushirgani aytilgan. Voqeaning batafsil videosi mavjud emas.

Bu birinchisi emas

Fayzulla Yusupov azaldan oʻzining fuqarolar bilan qoʻpol munosabatda boʻlishi bilan tanilgan. Xususan, viloyat Moliya bosh boshqarmasi boshligʻi lavozimini bajarayotgan paytda xodimini “mol”, “eshak” deya haqoratlab, jamoatchilik e'tiboriga tushgandi.

Fuqarolar bilan qoʻpol muomalada boʻlganligi oqibatida bir marta ogohlantirish ham olgan.

Chiroqchi hokimi intizomiy jazoga tortildi

Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmati holat yuzasidan munosabat bildirdi.

“Ushbu masala viloyat hokimligi apparat yigʻilishida keskin muhokama qilingan. Tuman hokimi F.Yusupov shu va ish faoliyatida yoʻl qoʻygan boshqa kamchiliklari uchun intizomiy jazoga tortilgan”, – deb yozdi viloyat hokimligi matbuot kotibi Ahror Sodiqov.

Holat takrorlansa tegishli javobgarlikka tortiladi

Shuningdek, rasmiy munosabatda tuman hokimi har bir fuqaro bilan xushmuomala va hurmat bilan munosabatda boʻlishi, muloqot chogʻida odob-axloq qoidalariga qat'iy rioya qilishi uqtirildi va kelgusida bu kabi holatlarga yoʻl qoʻygan taqdirda tegishli javobgarlikka tortilishi toʻgʻrisida qat'iy ogohlantirilgani qayd etilgan.

“Hokimning buyrugʻiga binoan shu fuqaroga nisbatan ish ham ochishgandir”

Fayzbog‘ kanali holat yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi:

“Ichki ishlar xodimlarining befarqligiga e'tibor bering. Huquqni muhofaza qilish organi vakillaridan qonunga itoat qilishlarini kutish foydasiz, butun tizim hokimlar qoʻl ostiga oʻtkazilgan davlatda, tabiiyki, hamma xonga boʻysunishga majbur. Hali hokimning buyrugʻiga binoan shu fuqaroga nisbatan ish ham ochishgandir.

Bu videoni saqlab qoʻying, “Yangi Oʻzbekiston” haqidagi tasavvurni kelajak avlod uchun bittada ifodalab beradi”, – deyiladi xabarda.

 Fayzbog‘ shuningdek, bu holat takrorlanmasligi kerakligini ta’kidladi:

“Normal davlatda (bizda emas, albatta) bu hokimning ishini tegishli idoralar koʻrib chiqardi. Ammo bizda hokim ishini faqat uning boshliqlari baholaydi.

Endi tasavvur qiling, hozir teskari holat yuz berganida va fuqaro hokimga shapaloq tushirganida, unga nechchi yil berilardi?”, – deya qo‘shimcha qilingan.