$
 12198.28
-30.3
 14241.49
-41.49
 156.57
0.61
weather
+26
Кечаси   +14°

Avtobuslarda chiptasiz yurgan yo‘lovchilarni jarimaga tortish amaliyoti qachondan boshlanadi?

atto

15-yanvar kuni “Toshshahartransxizmat” AJ avtobuslarda naqd pul to‘lovi bekor qilingach tizimda bo‘lgan o‘zgarish va kuzatilayotgan muammolar bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazdi. Unda Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Mirakbar Ikramov va “Toshshahartransxizmat” AJ rahbari o‘rinbosari Rustam Shamuradov yangi tizimdan bexabar yo‘lovchilarni avtobusda chiptasiz tashish qachongacha davom etishi hamda avtobuslardagi chiptachilar taqdiri haqidagi savollarga javob berdi. 

Yo‘lovchilar chiptasiz tashilmoqda

Yanvar oyi boshidan beri poytaxtdagi avtobuslarda to‘liq elektron tizimga o‘tilgani haqidagi yangilikdan bexabar yo‘lovchilar avtobusdan foydalangani uchun haydovchiga naqd pulda yo‘lkirani to‘lashni taklif qilmoqda. Haydovchilar ulardan pul ko‘rinishidagi yo‘l haqini qabul qilmayapti, ularga chipta sotib olish haqida ogohlantirish berib, avtobusda chiptasiz tashimoqda.

Chiptasiz yo‘lovchilar haydovchiga naqd pul bersa, birinchi martasida yo‘lovchilar va haydovchilar ogohlantiriladi, keyin esa ular Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 144 (Chiptasiz sayohat) va 145 (Yo‘lovchilarni chiptasiz tashish) moddalari bo‘yicha jarimaga tortiladi. Chiptasiz sayohat qilganlik uchun jarima BHMning 1/10 qismini yoki 37,5 ming so‘mni tashkil etadi.

Jarimaga tortish qachondan boshlanadi?

Hozircha poytaxtda chiptasiz yo‘lovchilar jarimaga tortilmayapti. Toshkent shahar transport bosh boshqarmasi boshlig‘i Mirakbar Ikramov buning sababini tizimdagi hali to‘la yechimini topmagan masalalar bilan bog‘ladi. Uning aytishicha, chiptasiz yo‘lovchilarni jarimaga tortish amaliyoti yanvar oyida qo‘llanmaydi. Mas’ullar chiptasiz harakatlanganlarga jarima qo‘llash qachondan kuchga kirishi haqida ma’lumot bermadi.

“Biz yanvar oyida bu amaliyotni qo‘llamaymiz. Sababi tizim yangi bo‘lgani uchun hali qilinadigan ishlar bor. Oldin sharoit yaratib, har bir shikoyatni alohida o‘rganib, unga yechim topganimizdan keyin bu tajribani qo‘llashimiz to‘g‘ri bo‘ladi”, — dedi u.

Avtobus chiptachilarining taqdiri qanday bo‘ladi?

Shuningdek, endi ishiga ehtiyoj qolmagan avtobusdagi chiptachilar masalasi haqidagi savolga Rustam Shamuradov javob berdi. Uning aytishicha, tizimdagi 770 dan ortiq konduktorlik lavozimi qisqartirilmoqda.

“Poytaxtda 770 nafardan ortiq chiptachilar bor edi. Hozir ular avtobus saroyining ichida mavjud vakant lavozimlarga to‘g‘ri kelsa, qonunchilikda belgilangan taklif beryapmiz. Agar to‘g‘ri kelmasa, ularga 2 oylik maoshi miqdorida kompensatsiya to‘lanib, „sokrasheniye“ (qisqartirish)ga tushyapti”, — deya tushuntirdi mas’ul.

Теги :
Jamiyat