$
 11979.64
-41.58
 13901.17
-77.1
 167.52
-2.01
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekiston terma jamoasining Jahon chempionatida g‘olib chiqish ehtimoli 0,07 foiz

chempion

2026-yilgi Jahon chempionati oldidan mashhur Opta statistik portali mundial favoritlari reytingini e’lon qildi. Superkompyuter hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekiston milliy terma jamoasining turnirda g‘olib chiqish ehtimoli 0,07 foizni tashkil qilmoqda. Shunga qaramay, Fabio Kannavaro boshqarayotgan terma jamoa Osiyoning eng yaxshi jamoalaridan biri sifatida ko‘rilmoqda. Xo‘sh, past baholangan O‘zbekiston mundialda katta sensatsiya qila oladimi?

O‘zbekistonning mundialdagi barcha ehtimollari hisoblab chiqildi

Opta superkompyuteri O‘zbekistonning turnirdagi har bir bosqich bo‘yicha imkoniyatlarini ham alohida tahlil qildi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, terma jamoaning guruh bosqichidan chiqib, pley-offga yo‘l olish ehtimoli 5,45 foiz deb baholangan.

Fabio Kannavaro shogirdlarining 1/16 finaldan o‘tib, kuchli 16 talikka kirish imkoniyati 12,25 foizni tashkil qilmoqda. O‘zbekistonning chorak finalga chiqish ehtimoli 3,78 foiz, yarim finalga yetib borish imkoniyati esa 1,16 foiz deb ko‘rsatilgan.

Superkompyuter hisobiga ko‘ra, O‘zbekistonning finalga chiqish ehtimoli 0,32 foizni tashkil etadi. Terma jamoaning Jahon chempioni bo‘lish imkoniyati esa 0,07 foiz deb baholangan.

Mundial favoritlari kimlar?

Opta talqiniga ko‘ra, 2026-yilgi Jahon chempionatining asosiy favoriti Ispaniya hisoblanadi. Ispanlarning chempionlik ehtimoli 15,43 foiz deb ko‘rsatilgan.

Ikkinchi o‘rinda Fransiya 12,54 foiz bilan qayd etilgan bo‘lsa, uchinchi pog‘onani 10,88 foiz bilan Angliya egallagan. Amaldagi jahon chempioni Argentina esa 10,28 foizlik natija bilan to‘rtinchi o‘rindan joy oldi.

Keyingi o‘rinlarda Portugaliya — 6,73 foiz, Braziliya — 6,62 foiz, Germaniya — 5,62 foiz, Niderlandiya — 3,88 foiz, Norvegiya — 3,59 foiz, Belgiya — 2,26 foiz, Kolumbiya — 2,24 foiz, Urugvay — 1,72 foiz, Meksika — 1,71 foiz, Marokash — 1,70 foiz va Shveysariya — 1,66 foiz natija qayd etgan.

Osiyo jamoalari orasida Yaponiya yetakchi

Osiyo qit’asi jamoalari orasida eng yuqori imkoniyat Yaponiya terma jamoasiga berilgan. Ularning chempionlik ehtimoli 1,47 foiz deb baholangan.

Janubiy Koreya 0,37 foiz, Eron 0,24 foiz bilan keyingi o‘rinlarni egallagan. Saudiya Arabistoni va O‘zbekistonning ko‘rsatkichi bir xil — 0,07 foiz. Iordaniya 0,06 foiz, Qatar esa 0,05 foiz natija qayd etgan.

Ma’lumot uchun, 2026-yilgi Jahon chempionati 11-iyundan 19-iyulgacha AQSh, Kanada va Meksika maydonlarida bo‘lib o‘tadi. Turnirda tarixda ilk bor 48 ta terma jamoa qatnashadi. Kanada Toronto va Vankuver shaharlarida 13 ta o‘yinga mezbonlik qiladi. Meksika ham 13 ta uchrashuvni qabul qiladi va o‘yinlar Mexiko, Gvadalaxara hamda Monterrey stadionlarida o‘tkaziladi. Mundialdagi qolgan barcha o‘yinlarga esa AQSh mezbonlik qiladi.

 

Теги :
Jamiyat