Ta’til e’lon qilindi. Talabalar uchun transportlarga chegirmalar qachondan e’lon qilinishi kerak?
Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, Transport vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda buning uchun mas’ul etib belgilangan.
3 daqiqa o‘qiladi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining tegishli buyrug‘i bilan oliy taʼlim tashkilotlari talabalari, texnikum, kollej, kasb-hunar maktabi va akademik litseylar o‘quvchilariga 2024/2025-o‘quv yili uchun beriladigan qishki taʼtil 2024-yilning 25-dekabridan 2025-yilning 7-yanvariga qadar (shu kuni ham) etib belgilandi. Vazirlar Mahkamasining qarori bilan talabalar uchun qulayliklar yaratiladimi?
Transportlar qatnovining oshirilishi
2022-yil Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari talaba va o‘quvchilarining qishki ta’tilini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaror imzolangan. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda talaba va o‘quvchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish hamda ularning hududlarga harakatlanish imkoniyatini oshirish maqsadida har yili qishki ta’til kunlari ularning yashash joylariga borishlari va ta’lim muassasasiga o‘z vaqtida qaytib kelishlari uchun vaqtincha ko‘paytirilgan transport vositalari qatnovini yo‘lga qo‘yilishi belgilangan.
Chegirmalar 10 kun avval e’lon qilinishi kerak
Shuningdek, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va “Uzbekistan airways” AJga O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining qishki ta’tilni e’lon qilish haqidagi buyrug‘i va buyurtmanomalari asosida qishki ta’til boshlanishidan 10 kun avvaldan boshlab chiptaning to‘liq qiymatidan 50 foizli chegirma to‘lovi asosida respublika ichida harakatlanuvchi tezyurar va yo‘lovchi (yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlar va barcha yo‘lovchi poyezdlarning SV, VIP vagonlari bundan mustasno) poyezdlariga hamda mahalliy aviareyslarga chiptalarning ekonom sinfi tarifi qiymatidan 50 foizli chegirma to‘lovi asosida sotuvini tashkil etish tavsiya etilishi belgilab qo‘yilgan.
Bundan tashqari, 2022-yildan boshlab qishki ta’til davrida o‘quvchi va talabalarning yo‘nalishli shaharlararo avtobus qatnovi orqali harakatlanishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan muddatli imtiyozlar to‘plamini (chegirmali chiptalar, aksiyalar) taqdim etish mexanizmi joriy etilgan. Bunda, imtiyozlar talaba va o‘quvchilarning ijtimoiy muhofazalanishi zaruratidan kelib chiqib, tashuvchilar tomonidan joriy etiladi.
Toshkentda qolayotgan talabalar diqqatiga
Bayram kunlari va qishki ta’til davrida talabalar turar joylarida qolayotgan talabalarning xavfsizligi va bo‘sh vaqtini unumli o‘tkazishi, shuningdek, ovqatlanishi mazkur oliy ta’lim muassasasining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
O‘tgan yili qanday bo‘lgan
O‘tgan yilgi qishki ta’til, xuddi bu yildagidek, 2023-yilning 25-dekabridan boshlanib, 2024-yilning 7 -yanvariga qadar belgilangan edi. Vazirlar Mahkamasining qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Transport vazirligi tomonidan hududlarga qatnovchi reyslar ko‘paytirilgan va talabalar uchjun 50 foizli chegirmalar e’lon qilingan.
O‘tgan yili "Silk Avia" ham qo‘shilgan
Unga ko‘ra, qarorga muvofiq chegirmalar ta’til kunidan 13 kun oldin e’lon qilingan va dekabrning 23-sanasidan boshlanuvchi reyslarga chegirmalar amal qilgan. Shuningdek, o‘tgan yiligi chegirma bilan ishlovchi kompaniyalar qatoriga “Uzbekistan Airways”, “O‘zbekiston temir yo‘llari”dan tashqari O‘zbekiston havo yo‘llari milliy aviakompaniyasi tarkibidagi “Silk Avia” aviakompaniyasi ham qo‘shilgan edi.
Joriy yilgi chegirmalar hali rasman e’lon qilingani yo‘q.



