$
 12141.94
26.97
 14289.85
29.32
 162.63
0.56
weather
+26
Кечаси   +14°

Zaynab binti Alidan fransuz rohibalarigacha: Dunyoda Hamshiralar kuni qanday nishonlanadi?

Bugun, 12-may — Xalqaro hamshiralar kuni. Inson salomatligini saqlash, e’tibortalab bemorlarga tun-u kun g‘amxo‘rlik ko‘rsatish va tibbiyotning eng og‘ir yukini o‘z yelkasida ko‘tarishda hamshiralarning o‘rni beqiyos. Bu sana tibbiyotning “ko‘rinmas qahramonlari” bo‘lgan hamshiralarning mashaqqatli mehnatini qadrlash va ularning jamiyat taraqqiyotidagi ulkan hissasini e’tirof etish uchun o‘ziga xos imkoniyatdir.

Nega aynan 12-may va Florens Naytingel kim o‘zi?

Xalqaro hamshiralar kuni 1974-yilning yanvar oyida rasman ta’sis etilgan bo‘lib, bayram sanasi sifatida 12-may tanlanishi bejiz emas. Bu kun zamonaviy hamshiralik asoschisi, britaniyalik ijtimoiy islohotchi va olima Florens Naytingelning tavallud topgan kunidir.

Florence Nightingale haqida - Florence Healthcare International

Florens Qrim urushi davrida Turkiyadagi ingliz va ittifoqchi askarlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish guruhini boshqargan. U gospital palatalarida soatlab tinim bilmay xizmat qilar, tunlari esa yaradorlar holidan xabar olish uchun qo‘lida moychiroq tutgancha bemorlar orasida aylanib yurar edi. Askarlar mehr va matonat timsoliga aylangan bu fidoyi insonni “Chiroq ko‘targan ayol” (Lady with the lamp“) deb atay boshlashgan.

Urushdan so‘ng Florens hamshiralikni shunchaki “yordamchilik” emas, balki tizimli va professional sohaga aylantirish uchun kurashdi. U Avliyo Tomas kasalxonasi qoshida ilk professional Naytingel hamshiralik maktabini tashkil qildi. Uning tibbiyotdagi inqilobiy xizmatlari inobatga olinib, Florens Naytingel Britaniya hukmdorlarining oliy sharafli “Order of Merit” mukofotiga sazovor bo‘lgan tarixidagi birinchi ayolga aylandi.

Dunyoda hamshiralar qanday sharaflanadi?

Bugungi kunda dunyoning turli burchaklarida hamshiralar va ularning mehnatini qadrlash bo‘yicha o‘ziga xos an’analar shakllangan:

Avstraliyada butun bir hafta davomida har bir shtat va hududda hamshiralarga bag‘ishlangan mukofotlash marosimlari o‘tkaziladi. Bayramning eng nufuzli qismi bo‘lgan “Yil hamshirasi” taqdirlash marosimi har yili shtat poytaxtlaridan birida katta tantana bilan o‘tadi.

Irlandiya aholisi 2012-yildan buyon 6–12-may kunlari #CelebrateNurses (Hamshiralarni sharaflaymiz) ijtimoiy kampaniyasini o‘tkazib keladi. Jamoatchilik maxsus veb-saytda hamshiralarga atalgan eng iliq fikrlari va minnatdorchilik xatlarini qoldiradi. Bu xabarlar jamlanib, elektron kitob holiga keltiriladi hamda Irlandiya bo‘ylab barcha tibbiyot muassasalaridagi hamshiralarga sovg‘a sifatida tarqatiladi.

Singapurda bu bayram o‘ziga xos tarixiy sabablarga ko‘ra 12-mayda emas, 1-avgustda nishonlanadi. 1800-yillarda tez rivojlanayotgan Singapurda shifokorlar ko‘p bo‘lsa-da, malakali hamshiralar taqchil edi. Bunga yechim sifatida Muqaddas go‘dak Iso monastirining fransuz rohibalari hamshiralikka tayyorlanadi. Aynan 1885-yilning 1-avgustida ushbu rohibalar Singapur markaziy kasalxonasida ilk bor o‘z xizmatlarini boshlashgan.

AQSH va Kanada davlatlarida shunchaki bir kun emas, balki 6–12-may kunlarini o‘z ichiga oluvchi butun boshli “Milliy hamshiralik haftaligi” o‘tkaziladi.

Eron Islom Respublikasida esa Hamshiralar kuni tarixiy o‘ziga xoslikka ega bo‘lib, u Islom tarixida sabr, fidoyilik va matonat timsoli bo‘lgan Zaynab bint Alining tug‘ilgan kuni bilan bog‘lab nishonlanadi. Karbalo fojiasidan so‘ng aynan Zaynab yaradorlarga hamda asirlikdagi insonlarga tibbiy va ruhiy yordam ko‘rsatgan qahramon sifatida yodga olinadi.

Qaysi davlatda qanday sanada nishonlanishidan qat’i nazar, bu bayramning mohiyati bitta — bizning salomatligimiz yo‘lida o‘z halovatidan kechgan fidoyi insonlarga “rahmat” deyishdir.