$
 11795.00
-18.09
 13698.71
21.51
 135.80
0.19
weather
+26
Кечаси   +14°

Toshkentda yangi Zamonaviy sanʼat markazi ish boshlamoqda

Shavkat Mirziyoyev

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi yangi Zamonaviy sanʼat markaziga tashrif buyurdi. Mazkur obyekt Oʻzbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasining yetakchi loyihalaridan biri boʻlib, uning barpo etilishi davlat rahbari tashabbusi bilan mamlakatda madaniyat sohasini rivojlantirish, ijodiy muhitni qoʻllab-quvvatlash hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish borasida olib borilayotgan izchil ishlarning amaliy samarasidir.

Tashrif davomida davlat rahbari xalqimizning boy madaniy merosi va shonli tarixi butun dunyoda katta qiziqish uygʻotayotganini taʼkidladi. Oxirgi yillarda ushbu bebaho boylikni tiklash, asrab-avaylash va targʻib etish boʻyicha tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilgani koʻrsatib oʻtildi.

Shu bilan birga, Prezident zamonaviy sanʼatni izchil rivojlantirish zarurligiga alohida toʻxtaldi. Zamonaviy sanʼat bugungi avlodning dunyoqarashi, ijodiy izlanishlari va bunyodkorlik salohiyatini namoyon etadi. U jahon hamjamiyati bilan madaniy muloqotni kengaytirish hamda Yangi Oʻzbekistonning madaniy qiyofasini mustahkamlash uchun muhim imkoniyatlar yaratadi. Shu bois yangi markaz ijodkorlar, kuratorlar, tadqiqotchilar hamda yoshlar uchun ochiq maydonga, mahalliy va xorijiy sanʼat ustalarini jipslashtiradigan maskanga aylanishi lozim. Bu yerda Oʻzbekistonning madaniy salohiyatini xalqaro maydonda namoyon etuvchi yangi gʻoyalar, kasbiy aloqalar va loyihalar shakllanishi zarur.

Tarixiy bino va zamonaviy infratuzilma

Ushbu muassasa Oʻzbekistonda zamonaviy sanʼatga ixtisoslashgan birinchi davlat tashkiloti hisoblanadi. Shuningdek, u Markaziy Osiyoda koʻrgazma, taʼlim, tadqiqot hamda maʼrifiy faoliyatni bir nuqtada jamlagan birinchi yirik madaniyat majmuasidir.

Noyob obyekt 1912-yilda meʼmor Vilgelm Geynselman loyihasi boʻyicha qurilgan tarixiy binoda joylashgan. Avval-boshda u tramvay deposi, keyinchalik esa dizel elektr stansiyasi sifatida faoliyat yuritgan. Binoni qayta tiklash meʼmoriy konsepsiyasini Fransiyaning “Studio KO” byurosi ishlab chiqqan. Taʼmirlash jarayonida inshootning tarixiy qiyofasi va sanoat meʼmorchiligiga xos xususiyatlari toʻliq saqlab qolinib, bino zamonaviy madaniy maskan talablariga moslashtirildi.

Prezident markazning koʻrgazma va taʼlim maydonlarini, jamoat hududlarini koʻzdan kechirdi. Majmua hududida uchrashuvlar hamda ommaviy dasturlar oʻtkaziladigan maydonlar, konsept-doʻkon va restoran joylashgan. Keng jamoatchilik foydalanishi mumkin boʻlgan ixtisoslashtirilgan kutubxona va tadqiqot arxivida sanʼat, vizual madaniyat hamda tanqidiy nazariyaga bagʻishlangan adabiyotlar va materiallar toʻplangan.

Markazda koʻrgazmalar, leksiyalar, ochiq muloqotlar, film namoyishlari, konsertlar, performanslar, ijodiy ustaxonalar va art-rezidensiya dasturlari yoʻlga qoʻyiladi. Bu tadbirlar mahalliy ijodkorlar, kuratorlar, tadqiqotchilar hamda yosh mutaxassislarni qoʻllab-quvvatlash, yangi kasbiy amaliyotlarni tatbiq etish va aholining zamonaviy sanʼatdan bahramand boʻlish imkoniyatlarini oshirishga xizmat qiladi.

Markazning doimiy faoliyat yurituvchi ijodiy muhitga aylanishi katta ahamiyatga ega. Yosh ijodkorlar bu yerda oʻz loyihalarini taqdim etadi, tadqiqotchilar arxiv manbalari bilan ishlaydi, jamoatchilik esa taʼlim dasturlari hamda madaniy-maʼrifiy tadbirlar orqali zamonaviy sanʼat bilan yaqindan tanishadi.

Bunday infratuzilma yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini roʻyobga chiqarish, kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish, gumanitar taʼlim sifatini oshirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha davlat siyosati vazifalariga toʻliq mos keladi.

Birinchi koʻrgazma

Majmua oʻz faoliyatini “Hikmah” nomli ilk xalqaro koʻrgazma bilan boshlaydi. U bilim, maʼnaviy meros, madaniy xotira mavzulari hamda tarixiy anʼanalar bilan zamonaviy sanʼat oʻrtasidagi bogʻliqlikka bagʻishlangan. Koʻrgazma ekspozitsiyasidan taniqli rassomlarning 11 ta asari, jumladan, loyiha uchun maxsus tayyorlangan ishlar oʻrin olgan. Oʻzbekistonda birinchi marta Nyu-Yorkdagi Solomon R. Guggenxaym muzeyi toʻplamiga mansub installyatsiya namoyish etilishi alohida eʼtiborga loyiq.

Bugungi kunda markaz xorijdagi yetakchi madaniyat muassasalari bilan aloqalarni rivojlantirmoqda. Ular orasida AQShdagi Guggenxaym muzeyi va Osiyo sanʼati milliy muzeyi, Buyuk Britaniyaning “Tate” va “Delfina Foundation” tashkilotlari, Fransiyaning Pompidu markazi hamda Koreya Sanʼat kengashi bor.

Davlat rahbariga markazning kelgusidagi koʻrgazma, taʼlim va tadqiqot dasturlari haqida axborot berildi. Yangi maskan professional muhitni rivojlantirish, oʻzbekistonlik ijodkorlarni xalqaro maydonda tanitish va xorijiy mamlakatlar bilan madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Prezident markazni ijodkor yoshlar, professional hamjamiyat va keng jamoatchilik uchun ochiq, jonli ijodiy makonga aylantirish lozimligini uqtirdi. Xalqaro aloqalarni kengaytirish, mamlakatga zamonaviy sanʼatning taniqli vakillarini jalb etish va mahalliy ijodkorlarning yangi loyihalarini qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratildi.

Ushbu loyiha madaniy diplomatiyani mustahkamlash, poytaxtning zamonaviy qiyofasini shakllantirish hamda Oʻzbekistonni boy merosga ega, zamonaviy gʻoyalar va xalqaro muloqotga ochiq mamlakat sifatida namoyon etishga xizmat qiladi. Markazning rasmiy ochilish marosimi 6-sentabrga moʻljallangan.

Теги :
Jamiyat