$
 12948.10
17.99
 13502.28
111.86
 121.01
0.07
weather
+26
Кечаси   +14°

Poytaxtning 2025-yilgi byudjeti ham jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilmasdan tasdiqlandi

BUdget

Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi 2024-yil 26-dekabr kungi qarori bilan poytaxtning 2025-yilgi byudjetini tasdiqladi.

Rasmiylar Toshkent shahri yalpi hududiy mahsuloti 2025-yilda 8 foiz, 2026-yilda 7,5 foiz, 2027-yilda 7,2 foiz o‘sishini prognoz qilmoqda. Xususan, bu ko‘rsatkich joriy yilda 302,3 trln. so‘m bo‘lishi kutilyapti.

Daromadlar

Tumanlarni hisobga olmaganda poytaxt budjetining daromadlari 9 trln. 434 mlrd. so‘m miqdorida prognoz qilingan. Bu ko‘rsatkich 2023-yilga nisbatan 47 foizga (6,4 trln. so‘m), 2024-yilga nisbatan 14 foizga (8,07 trln. so‘m) ko‘p. Tartibga soluvchi transfertlar va tumanlar byudjeti bilan hisoblaganda jami daromadlar 11,4 trln. so‘mni tashkil etishi kerak.

Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i Toshkent shahri byudjeti daromadlarining eng katta qismini tashkil qiladi — 1,8 trln. so‘m (o‘tgan yilga nisbatan o‘sish — 18,2 foiz).

Keyingi o‘rinlardagi yirik daromad manbalari yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i (1,59 trln. so‘m, o‘sish – 27,6 foiz) va foyda solig‘i (1,07 trln. so‘m, o‘sish –34,4) hissasiga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i — 977 mlrd. so‘m (o‘sish – 37 foiz), aylanmadan olinadigan soliq – 913 mlrd. so‘m (o‘sish – 28 foiz), aksiz solig‘i – 730 mlrd. so‘m (o‘sish – 42 foiz), davlat boji – 682 mlrd. so‘m (o‘sish – 12,5 foiz), yig‘imlar – 460 mlrd. so‘m (kamayish – 6 foiz), davlat ulushi bo‘yicha dividendlar va davlat korxonalari foydasidan ajratmalar – 341 mlrd. so‘mni tashkil etadi. 

Bundan tashqari, 2025-yilda jami 821 mlrd. so‘m jarimalar to‘planishi mo‘ljal qilingan. Bu o‘tgan yildagi prozgnozlardan 33 foizga ko‘p.

Xarajatlar

Toshkent shahar byudjetining 2025-yildagi jami xarajatlarining cheklangan miqdori 9 trln. 697 mlrd. so‘mni tashkil etishi reja qilingan.

Umumiy xarajatlarning sezilarli qismi issiqlik ta’minoti xizmati uchun pasaytirilgan tariflarni qo‘llash natijasida yuzaga keladigan zararni qoplashga yo‘naltiriladi – 2,71 trln. so‘m. Bu 2024-yilda belgilangan prognozdan (1,97 trln. so‘m) 37,5 foizga, 2023-yil prognozlaridan (1,6 trln. so‘m) qariyb 70 foizga ko‘p.

Joriy yilda jamoat transportining brutto shartnomasi asosida ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun subsidiyalar bo‘yicha 1,2 trln. so‘m, metropolitenda aholiga cheklangan tariflarda xizmat ko‘rsatish natijasida ko‘riladigan zararni qoplashga 683 mlrd. so‘m (2024-yilda – 576 mlrd. so‘m) ajratiladi.

2025-yilda poytaxt byudjetidan kredit va qarzlarni qaytarishga jami 911,9 mlrd. so‘m xarajat qilinadi. Bu o‘tgan yildagidan qariyb 2 barobarga (2024-yilda bu miqdor 480,4 mlrd. so‘m bo‘lgan) ko‘p.

O‘z navbatida, tibbiy sug‘urta jamg‘armasiga – 2,25 trln. so‘m, obodonlashtirish boshqarmasiga – 635 mlrd. so‘m, sog‘liqni saqlash boshqarmasiga – 215 mlrd. so‘m, soliq boshqarmasiga – 184 mlrd. so‘m yo‘naltirilishi kutilmoqda. Shuningdek, ko‘p qavatli uylardagi liftlarni ta’mirlash va yangilashga – 165 mlrd. so‘m sarflanadi.

Tumanlar kesimida eng katta daromadlar va xarajatlar prognozi Mirzo Ulug‘bek tumaniga to‘g‘ri kelmoqda – 166 mlrd. so‘m. Eng kami Bektemir tumanida – 76 mlrd. so‘m. 

Eslatib oʻtamiz, bu safar ham byudjet qabul qilinishidan oldin uning loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilinmadi.

Теги :
Jamiyat