Toshkentda yo‘lovchi avtobusi butunlay yonib ketdi
“Toshshahartransxizmat” matbuot xizmati yong’in nima sababdan yuz berganiga izoh berdi.
1 daqiqa o‘qiladi

Yong‘in-qutqaruv guruhi 7 daqiqada yong‘inni to‘liq o‘chirishgan.
Yong’inning sababi
Bugun 15-iyun kuni Sergeli tumanida soat 11:36 da 132-sonli avtobusda yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu avtobus 2012-yilda chiqarilgan bo‘lib, ishga tushirilgandan beri 903 200 km yo‘lni bosib o‘tgan. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, yongʻin avtobus Lutfikor koʻchasi boʻylab harakatlanayotganda uning gidrostatik qismidagi elektr simlarida qisqa tutashuv natijasida yuzaga kelgan, deyiladi xabarda.
7 daqiqada o‘chirilgan olov
Voqea joyiga yong‘in-qutqaruv guruhi soat 11:38 da yetib borgan va soat 11:45 ga kelib yong‘in to‘liq o‘chirilgan.
Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan. Hozirda “Toshshahartransxizmat” ichki audit o‘tkazmoqda.



