$
 11989.46
29.28
 13815.45
54.07
 149.48
-0.94
weather
+26
Кечаси   +14°

Shaxsiy daxlsizlik qayerda qoldi?

Shahrisabz hokimi

Ijtimoiy tarmoqlarda Shahrisabz tumani hokimi Samad Hasanovning mahalla raisi hamrohligida fuqaroning xonadoniga kirib borgani, uydagi sanitariya va turmush sharoitini keskin tanqid qilib, mas’ullarga jarima solishni buyurgani aks etgan video tarqaldi.

Videotasvirda tuman rahbarining uy egasiga turmush kechirish qoidalaridan dars o‘tgani”, xonadonning holatini o‘ziniki bilan solishtirib, “Ertaga bu ro‘zg‘orga “normalni” odam kelin bermaydi” degan shaxsiy munosabatini bildirgani va videoni mahallaning Telegram-kanaliga joylashtirishni talab qilgani ochiq ko‘rinadi. 

Bundan tashqari, hokim uy egasining peshin vaqtida dam olayotganini ham aybga chiqarib, o‘zining tinimsiz ishlayotganini pesh qilgan hamda ko‘cha, uy va chiqindilar uchun hech qanday kechirimsiz jarima qo‘llashni buyurgan.

Bu voqea jamoatchilik orasida e’tirozlarni keltirib chiqardi: Mansabdor shaxsning fuqaroning shaxsiy hududiga bu tarzda aralashishi qay darajada qonuniy?

Qonun nima deydi-yu, amalda nima bo‘ldi?

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31-moddasiga muvofiq, har bir inson shaxsiy hayotining daxlsizligi, sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish huquqiga ega. Shuningdek, Konstitutsiyaning 27-moddasida uy-joy daxlsizligi kafolatlangan bo‘lib, qonunda belgilangan holatlardan yoki sud qaroridan tashqari, uyda yashovchilarning e’tiroziga qarshi xonadonga kirish taqiqlanadi.

Hokimlik vakillari va mahalla raisi tomonidan fuqaroga nisbatan ishlatilgan majburlov, kamsituvchi jumlalar va ruhiy bosim sha’ni va qadr-qimmatni toptash sifatida baholanishi mumkin. Jamoatchilik nazorati yoki hudud tozaligini ta’minlash bahonasi bilan fuqaroning shaxsiy hayotiga tajovuz qilishga hech qaysi rahbarning qonuniy huquqi yo‘q.

Roʻkach qilingan bahonalar

Jamoatchilik e’tirozlaridan so‘ng Shahrisabz tumani hokimligi holatga izoh berib, voqeani “adashish” bilan izohlashga urindi. Ma’lum qilinishicha, hokim aslida yonma-yon joylashgan, nogironligi bo‘lgan keksalar xonadonidan xabar olmoqchi bo‘lgan, ammo mahalla raisi eshikni yanglish ko‘rsatgan. Shuningdek, hokimlik video rasmiy resurslarga emas, balki “yettilik”ning ichki guruhiga tashlanganini ta’kidladi.

Ammo bu izoh bir qator mantiqiy va huquqiy savollarni ochiq qoldirmoqda. Adashib kirilgan bo‘lsa, nega uzr so‘ralmadi? Agar hokim boshqa uyga kirib qolganini anglagan bo‘lsa, madaniyat yuzasidan tushunmovchilik uchun uzr so‘rab chiqib ketishi kerak edi. Buning o‘rniga fuqaroning uyida inspeksiya o‘tkazilib, dog‘ tushiruvchi video olingan va jarima solish talab qilingan. 

Qolaversa, ichki guruh bo‘lsa-da, videoga olishga kim huquq berdi? Fuqaroning o‘z uyidagi holatini uning roziligisiz tasvirga olish va qaysidir Telegram-guruhlarga tarqatish shaxsiy daxlsizlikni buzish hisoblanadi.

Bundan tashqari, jarima solish hokimning vakolatiga kiradimi? Jarima qo‘llash muayyan vakolatli organlar (sanitariya-epidemiologiya xizmati, ekologiya va h.k.) tomonidan, belgilangan ma’muriy alohida protseduralar asosida amalga oshiriladi. Hokimning og‘zaki buyrug‘i bilan ”jarima urish” huquqiy davlat tamoyillariga mutlaqo ziddir.

Toʻgʻri mahalla ozodaligi va obodonchilik – muhim masala. Ammo ozodalik o‘rnatish bahonasida inson huquqlari, shaxsiy daxlsizlik va Konstitutsiya talablarini oyoqosti qilishga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

Shahruza Sattorova tayyorladi