$
 12831.13
-55.77
 14542.80
-82.54
 161.07
0.2
weather
+26
Кечаси   +14°
powerads

Toshkent megapolisga aylanadi: Poytaxtning 20 yillik bosh rejasi tasdiqlandi

Toshkent

Toshkent shahrining 2045-yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan bosh rejasini tasdiqlash to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasi qarori e’lon qilindi.

Shaharsozlik kadastri geoaxborot tizimi

Keltirilishicha, Toshkent shahrini kompleks rivojlantirish va qurilishni rejalashtirish hamda qurilishni rejalashtirish sifati va darajasini oshirish, shaharning me’moriy-rejalashtirilgan qiyofasini hamda infratuzilmasini yanada yaxshilash maqsad qilingan.

Bosh rejaning asosiy ko‘rsatkichlarini belgilovchi xaritalar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining Shaharsozlik kadastri geoaxborot tizimida ochiq ma’lumot sifatida joylashtiriladi.

Har qanday qurilish ishlarini amalga oshirish tasdiqlangan bosh reja asosida belgilangan tartibda ushbu hududning master rejasi, batafsil rejalashtirish loyihasi yoki qurilish loyihasi ishlab chiqilib, tasdiqlagan holda amalga oshiriladi.

Bosh rejaning ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligi bo‘yicha Toshkent shahar hokimining hisoboti har chorak yakuni bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi rayosati majlisida eshitib boriladi.

Bosh rejani ishlab chiqishdan maqsad nima?

qurilishga ruxsat berish jarayonlarini tartibga solish;

shaharning muhandislik hamda yo‘l-transport infratuzilmasini, aholi zichligi parametrlarini, shuningdek, umumiy strategiyasini rejelashtirish;

shaharning yashil va sanitar himoyalanadigan hududlari hamda madaniy merosini muhofaza qilish;

iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanish yo‘llarini belgilash;

aholining bugungi va istiqboldagi talablarini qanoatlantirish.

Bosh rejada quyidagi muammolarni hal qilishga alohida e’tibor qaratilgan:

Toshkent shahrining hududlarini zonalarga ajratish

aholining harakatlanishiga bo‘lgan talabni qondirish hamda transport oqimi barqarorligini ta’minlash

shaharning hududlari zichlik parametrlarining barqarorligini ta’minlash maqsadida shaharsozlik talablarini belgilash.

Prezidentning 2023-yil 11-sentyabrdagi qaroriga muvofiq shaharlarning bosh rejalarini soddalashtirilgan ko‘rinishda ishlab chiqishga ruxsat etilgan.

Konservatsiya, rekonstruksiya va renovatsiya zonalari

Soddalashtirilgan ko‘rinishdagi bosh reja Toshkent shahrining hududlarini quyidagi zonalarga ajratib beradi:

konservatsiya zonalari

rekonstruksiya zonalari

renovatsiya zonalari.

Konservatsiya zonasida madaniy meros binolari, tarixiy joylar, uylar va yashil hududlar o‘zgarishsiz qoladi. Bu zonada qo‘shimcha turar va noturar bino hamda inshootlar qurish taqiqlanadi. Rekonstruksiya zonasida master-rejalar asosida qo‘shimcha qurilishlar qilish mumkin bo‘ladi. Renovatsiya zonasida eskirgan uy-joy, binolar o‘rnida yangi qurilishlar va taʼmirlash amalga oshiriladi.

Hujjatda belgilanishicha, poytaxt hokimligi 3 oy muddatda Toshkent shahrining 2045-yilgacha bo‘lgan davrga mo‘jjallangan bosh rejasini amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqib, tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishgan holda tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritishi lozim.

Qurilish uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bosh rejaga rioya etilishi yuzasidan davlat arxitektura nazoratini amalga oshiradi.

Bosh reja haqida

Shavkat Mirziyoyev 2024-yil 9-oktyabr kuni Toshkent shahrining bosh rejasi loyihasi bilan tanishgandi. Davlat rahbari poytaxtni kamida 7,5 million odam yashashi va ishlashi uchun qulay sharoitga ega yirik megapolisga aylantirish zarurligini taʼkidlagandi.

Bugungi kunda shahar hududi 43 ming 822 gektarni tashkil qiladi, aholi soni 3 milliondan ziyod. Kelgusida bu miqyos yanada oshib borishi tayin. Shu bois Toshkent shahrining 2045-yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan bosh rejasi loyihalashtirildi. Davlat rahbari bu boradagi ilk ishlanmalar bilan 2022-yilda tanishgan edi. Unda berilgan ko‘rsatma va tavsiyalar asosida loyiha takomillashtirildi.

Poytaxtning bosh rejasi nega kechikdi?

Toshkent shahrining bosh rejasi ishlab chiqilishi 2012-yilda muhokama qilingan bo‘lsa-da, muddatlar bir necha bor ortga surildi. 2018-yilga kelib tasdiqlangan bosh rejani yo‘qligi qurilishlarning tartibsizligini keltirib chiqargani qayd etilgan edi.

Shu sababli, 2018-yilda prezident tomonidan shahar hokimiga bosh reja konsepsiyasini ishlab chiqish va xalqaro tanlov o‘tkazish topshirildi. 2019-yilda loyihaning 3D formatdagi dastlabki konsepsiyasi Xitoy, Turkiya va Buyuk Britaniya kompaniyalari ishtirokida ishlab chiqilishi aytilgan bo‘lsa-da, muddatlar bir necha bor o‘zgartirildi va hujjatning 2020-yilda taqdim etilishi rejalashtirildi.

2020-yilda Qurilish vazirligining sobiq birinchi o‘rinbosari Sherzod Xidoyatov bosh rejani ishlab chiqish jarayoni 2022-yil oxiriga qadar yakunlanishi haqida ma’lumot berdi. Shu yili prezidentning qarori bilan 2025-yilgacha mamlakatdagi barcha shaharlarning to‘rtdan bir qismi bosh rejalar bilan qamrab olinishi belgilandi.

2022-yilga kelib prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentning 2045-yilgacha bo‘lgan bosh reja loyihasi bilan tanishib, “Yangi Toshkent” konsepsiyasi asosida shaharni sharqiy qismda, Chirchiq va Qorasuv daryolari oralig‘ida 500 ming aholiga mo‘ljallangan tarzda rivojlantirish rejalashtirilganini ma’lum qildi.

Biroq 2023-yil yanvar oyida Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ishdan olindi. Prezident yig‘ilishda bosh rejaning hanuz tasdiqlanmagani, natijada ruxsatsiz qurilishlar soni 250 dan oshgani va mavjud infratuzilmaga yuklama hisobga olinmayotgani bo‘yicha tanqidiy fikr bildirgan edi.

Теги :
Jamiyat