$
 12559.26
-59.37
 14413.01
-103.46
 160.17
-0.66
weather
+26
Кечаси   +14°
powerads

Olimpiya mojarosi: hamyurtimiz Sitoraning raqibi aslida erkakmi?

boks

Bugun soat 18:30 da hamyurtimiz Sitora Turdibekova chorak final yo‘llanmasi uchun ringga tushadi. Sitoraning bugungi raqibi Lin Yuytin. Anglagan bo‘lsangiz kerak, o‘zbek qizining raqibi Lin Yuytin va yana bir sportchi Iman Xelif haqida turli gap-so‘zlar tarqalmoqda. Aytilishicha ular jinsini o‘zgartirgan, aslida erkak kishi. Xo‘sh, bu to‘g‘risida nimalar ma’lum?

Lin Yuytin haqida nimalar ma’lum?

Lin Yuytin 1995-yil 13-dekabrda Tayvanda (Xitoy) tug‘ilgan.

2018-va 2022-yillarda ikki karra jahon chempioni. 2017-, 2022-yilgi Osiyo o‘yinlari chempioni. 2018-yilgi yozgi Osiyo o‘yinlari sovrindori. 54 kg gacha (2016, 2017) vazn toifasida mamlakat chempionatining uch karra gʻolibi, Xitoy Taypeyi boks jamoasi a’zosi. Sportchi avval biologik erkak bo‘lgani va jinsini o‘zgartirgani aytiladi.

Iman Xelif aslida kim?

Iman Xelif Jazoirning shimoli-g‘arbiy qismidagi Tiaret viloyatidagi qishlog‘ida o‘sgan. U boksga o‘tishdan oldin futbol o‘ynagan. Dastlabki yillarida u mashg‘ulotlarda qatnashish uchun qo‘shni qishloqqa borishga majbur bo‘lgan va avtobus narxini to‘lash uchun metallolom sotgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, otasi qizlarning boks bilan shug‘ullanishini ma’qullamay, qizining sport bilan shug‘ullanishiga ruxsat bermagan.

Xelif hozirgi kunga qadar 51 marotaba ringga tushib, 42 tasida g‘alaba qozongan ( 4 tasi diskvalifikatsiya qilingan). Uning asosiy yutuqlari 2022-yildan boshlanadi. 2022-yilgi ayollar o'rtasidagi boks bo‘yicha jahon chempionatida Xelif finalga chiqqan birinchi jazoirlik ayol bokschi bo‘ldi. Biroq finalda Emi Broadxerstga mag‘lub bo‘lib, ikkinchi o‘rinni egallagan. O‘sha yilning oxirida Xelif O‘rta yer dengizi va Arab o‘yinlarida hamda havaskor boks bo‘yicha Afrika chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritgan.

Fransiyada bo‘lib o‘tayotgan 2024-yilgi yozgi Olimpiada o‘yinlarining boks bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi bahslarda italiyalik Anjela Karini raqibi, jazoirlik Iman Xelifga qarshi jangning 46-soniyasida to‘qnashuvni davom ettirishdan bosh tortdi. Anjela Karini jang davomida raqibining kuchli zarbalariga dosh bera olmagan.

Jazoir bokschisi esa raqibi musobaqani tark etganidan so‘ng, Olimpiadadagi dastlabki jangida g‘alaba qozondi. Italiya vakili jangdan so‘ng ringda tiz cho‘kkan va qaror e’lon qilinganida Iman Xelifning qo‘lini siqishdan bosh tortgan.

Bu gap-so‘zlar qayerdan paydo bo‘ldi?

Ko‘rib turganingizdek, har ikki bokschi bugunga qadar qator ayollar orasidagi musobaqalarda ishtirok etib kelgan. Qolaversa, Lin ham, Xelif ham 2020-yilda Tokio o‘yinlarida hech qanday bahs-munozaralarsiz jang qilgan ikkita Olimpiadachi hisoblanadi. Unda bu gap-so‘zlarning tarqalishiga sabab nima?

Har ikkala bokschi ham 2023-yilda testosteron va jinsga oid testlardan o‘ta olmagani uchun jahon chempionatlarida qatnashishi taqiqlangan. O‘shanda Yuytin 57 kg vazn toifasida bronza medalidan mahrum bo‘lgan.

Xelif esa 2023-yilda Nyu-Dehlida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida oltin medal uchun kurashdan bir necha soat oldin Xalqaro boks assotsiatsiyasining (IBA) muvofiqlik mezonlarini bajara olmagani uchun diskvalifikatsiya qilingan edi.

Pasportiga ayol deb yozib qo‘yilgan

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (MOK) Lin Yuytin va yana bir sportchi Iman Xelif ayollar musobaqasida qatnashishi nohaqlik ekani haqidagi shikoyatga munosabat bildirgan. Qo‘mita matbuot kotibi Mark Adamsning so‘zlariga ko‘ra, ularning pasportiga ayol deb yozilgan, shu boisdan jinsini muhokama qilish asossiz. Ular Parij olimpiadasida ishtirok etishadi.

Jazoir Olimpiya qo‘mitasi ham (SOA) Xelifga qilingan hujumlarni qoralagandi.

Qarshilar kim?

 Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) esa bu fikrga qo‘shilmaydi. Ular o‘z bayonotida:

“IBA barcha musobaqalarda halol raqobatni ta’minlashda sodiq qoladi. Biz 2024-yilgi Parij Olimpiadasi o‘yinlarida boks bo‘yicha musobaqalarda qatnashish huquqining nomuvofiqligini keskin qoralaymiz. Yana bir bor taʼkidlaymizki, Iman Xelif ham, Lin Yuytin ham tegishli test sinovlaridan so‘ng musobaqalarning ayollar toifasida qatnashish uchun talab qilinadigan talablarga javob bermagan.

Nima uchun biron bir tashkilot bokschini jiddiy jarohatga olib kelishi mumkin bo‘lgan xavfga duchor qilishini mutlaqo tushunmaymiz. Ring hakamining asosiy vazifasi har doim bokschining xavfsizligini ta’minlashdir. Agar bokschi tegishli mezonlarga javob bermasa, buni qanday qilish mumkin? Biz ayollarimizni va ularning teng huquqli raqiblarga qarshi ringga chiqish huquqlarini himoya qilamiz va ularni barcha holatlarda qo‘llab-quvvatlaymiz. Ularning umid va orzularini qiyin sharoitlarda to‘g‘ri ish qilishni istamaydigan tashkilotlar hech qachon olib qo‘ymasligi kerak”, deyiladi Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) bayonotida.

Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni ham jazoirlik bokschi Iman Xelifning 2024-yilgi Olimpiada o‘yinlarida qatnashishiga e’tiroz bildirdi.

“Menimcha, erkak genetik xususiyatlariga ega sportchilar ayollar musobaqalariga qabul qilinmasligi kerak. Biz hech kimni kamsitmoqchi emasmiz, balki ayol sportchilarning teng shartlarda musobaqalashish huquqini himoya qilishni so‘rab qolamiz”, deb izoh bergan Meloni.

Теги :
Jamiyat