O‘zbekistondan yana ikki oltin olib qo‘yilishi mumkin
Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining Osiyo chempionatidagi ikkita oltin medali — Shodiyor Meliqo‘ziyev va Adhamjon Muhiddinovning finaldagi g‘alabalari bo‘yicha protest berilgan.
2 daqiqa o‘qiladi

Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining Osiyo chempionatidagi ikkita oltin medali — Shodiyor Meliqo‘ziyev va Adhamjon Muhiddinovning finaldagi g‘alabalari bo‘yicha protest berilgan.
Qozog‘iston boks federatsiyasini nimadan norozi?
Olamsport manbasiga ko‘ra, boks bo‘yicha Osiyo chempionati bahslarida -63,5 kg vazn toifasida ishtirok etgan Adhamjon Muhiddinovning finalda mezbon bokschi, Tailand vakili Somchay Volngsuvan bilan jangidagi referining harakati protestga sabab bo‘lgan. Shuningdek, IBA -48 kg vazn toifasidagi final - Shodiyor Meliqo‘ziyev va Sanjar Tashkenbay o‘rtasidagi bahsni ham qayta ko‘rib chiqayotgan bo‘lishi mumkin. Ushbu finalda hamyurtimiz raqibini nokdaun holatiga tushirib qo‘ygandi. Qozog‘iston boks federatsiyasi esa "o‘sha vaziyatda nokdaun asossiz ravishda ochilgan va bu yakunda Meliqo‘ziyevning g‘alabasini ta’minlagan" degan mazmunda da’vo kiritgan.
Asadullayevning oltin medali olib qo‘yilishi
Musobaqada vakillarimiz umumiy hisobda 11 ta oltin, 6 ta kumush va 3 ta bronza medallarini qo‘lga kiritishgandi. Keyinchalik, musobaqadan bir necha kun o‘tib, -71 kg vaznli bokschimiz Havasbek Asadullayevdan oltin medal olib qo‘yilgan edi. U final jangida qozog‘istonlik raqibi - Ablayxan Jussupovni tishlab olgani uchun oltin medaldan mahrum qilingandi. Shundan so‘ng Ablayxan Jussupov Osiyo chempioni sifatida e’lon qilingandi.
O‘zbekiston uchun Olimpiya o‘yinlari ustuvor hisoblanadi
Jurnalist Aziz To‘xtamurodov ushbu vaziyatga "O‘zbekistonning World Boxing‘ga qo‘shilishi IBA va uning Osiyodagi bo‘limi ASBCga ham yoqmagani aniq. Nima bo‘lganda ham, O‘zbekiston uchun Olimpiya o‘yinlari ustuvor hisoblanadi va bundan buyon navbatdagi qadamlar aynan World Boxing tomon tashlanishi to‘g‘ri qaror hisoblansa kerak", deya fikr bildirdi.
Bundan boksimiz faqat va faqat yutishiga ishonaman
Yana bir jurnalist, Azamat Murodov esa vaziyatga quyidagicha munosabat bildirdi: "Agar IBA uning Osiyodagi "shotir-tashkiloti" ASBC buni O‘zbekistonning World Boxing tashkilotiga qo‘shilgani uchun qilayotgan bo‘lsa, ochig‘i juda xursandman. O‘zbekiston qachondir ishlash tizimi, saylov tizimi, moliyaviy manbalari shaffof bo‘lmagan, butun dunyoda korrupsiyaga botgan tashkilot sifatida aytiladigan IBA tashkilotidan chiqib ketish tarafdori bo‘lganman. O‘zbekiston va nihoyat bu tashkilot bilan aloqalarni uzsa, bundan boksimiz faqat va faqat yutishiga ishonaman".



