Dunyo mamlakatlari mustaqil Falastin davlatini yaratish tarafdori
BMT Bosh Assambleyasi Falastin xalqining o‘z taqdirini o‘zi belgilash va mustaqil Falastin davlatini yaratish huquqini tasdiqlovchi rezolyutsiyani qabul qildi. Uni O‘zbekiston xam qo‘llab-quvvatladi.
2 daqiqa o‘qiladi

BMT Bosh Assambleyasi Falastin xalqining o‘z taqdirini o‘zi belgilash va mustaqil Falastin davlatini yaratish huquqini tasdiqlovchi rezolyutsiyani qabul qildi.
Rezolyutsiya haqida
Rezolyutsiya ko‘pchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Uni 170 a’zo davlat yoqlab, 6 tasi qarshi ovoz berdi. O‘zbekiston 170 talik tarkibida loyihani qo‘llab-quvvatladi. "Falastin xalqining o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi" deb nomlangan ushbu chora bu huquqlarni ajralmas, shartsiz va muzokaralar olib bo‘lmaydigan deb e’lon qiladi va Isroil tomonidan o‘rnatilgan har qanday "xavfsizlik choralari"ni ularni amalga oshirishning old sharti sifatida rad etadi.
Qarshilar va betaraflar
Rezolyutsiyaga tabiiy ravishda Isroil, AQSH, Argentina, Mikroneziya, Nauru va Paragvay qarshi ovoz berdi. Bundan tashqari, to‘qqizta davlat betaraflikni ma’qul ko‘rdi. Bular: Kiribati, Liberiya, Palau, Panama, Papua-Yangi Gvineya, Ruanda, Togo, Tonga va Tuvalu.
Isroil-Falastin muammosining yagona yechimi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 oktyabr kuni “BRIKS plus” sammitining yalpi majlisida nutq so‘zlab, "biz G‘azo va Livandagi misli ko‘rilmagan gumanitar fojiani qalbimizdagi og‘riq hissi bilan qabul qilyapmiz. Tinch aholi, ayniqsa, bolalarning begunoh qurbon bo‘lishini hech qanday siyosiy maqsadlar oqlay olmaydi. Isroil-Falastin muammosining yagona yechimi – “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyili asosida mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘lib qolmoqda", deya ta'kidlagan edi.


