$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Shavkat Mirziyoyev: Isroil — Falastin muammosining yagona yechimi – “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyilidir

BRIKS Mirziyoyev

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 oktyabr kuni “BRIKS plus” sammitining yalpi majlisida nutq so‘zladi.

Kimlar ishtirok etdi?

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin raisligida o‘tkazilgan tadbirda Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinipin, Janubiy Afrika Respublikasi Prezidenti Siril Ramafosa, Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan, Vetnam Sotsialistik Respublikasi Bosh vaziri Fam Min Tin, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, boshqa bir qator davlatlar, xalqaro tashkilotlar va moliyaviy tuzilmalarning rahbarlari hamda yuqori darajali vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston BRIKS bilan hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor

Davlatimiz rahbari BRIKS mamlakatlarining global tengsizlik va iqtisodiyotni inklyuziv yo‘l bilan qayta tiklash muammolarini hal etish maqsadida hamkorlikni rivojlantirish borasidagi fundamental sodiqligini qo‘llab-quvvatladi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston ustuvor investitsiyaviy va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish uchun BRIKSning yangi Taraqqiyot banki bilan yaqin hamkorlik o‘rnatishni rejalashtirgan hamja innovatsiya, raqamli iqtisodiyot, “yashil” taraqqiyot va energetika, to‘siqlarsiz elektron tijorat kabi sohalarda amaliy hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor.

Shuningdek, O‘zbekiston BRIKS sun’iy intellekt bo‘yicha Tadqiqot guruhining qo‘shma loyihalarida ishtirok etish, YUNIDO huzurida tashkil etilayotgan Kompetensiyalar markaziga, shuningdek, taklif etilayotgan Investitsiya platformasiga qo‘shilish niyatida.

“Yaqin Sharqdagi mojaro tobora keskinlashib bormoqda”

Xalqaro terrorizm bilan bog‘liq xavf va tahdidlarga qarshi kurashish haqida so‘z yuritar ekan, O‘zbekiston rahbari radikallashuv va ekstremistik g‘oyalarning, avvalo, yoshlar o‘rtasida tarqalishining oldini olishga alohida e’tibor qaratish zarurligini ko‘rsatib o‘tdi.

Yaqin Sharqdagi mojaro tobora keskinlashib borayotgani, bu mintaqa qo‘shni mamlakatlar va yirik davlatlarning bu mojaroga tortilishi bilan global inqirozning yirik o‘chog‘iga aylanib borayotgani alohida tashvish bilan qayd etildi.

– Biz G‘azo va Livandagi misli ko‘rilmagan gumanitar fojiani qalbimizdagi og‘riq hissi bilan qabul qilyapmiz. Tinch aholi, ayniqsa, bolalarning begunoh qurbon bo‘lishini hech qanday siyosiy maqsadlar oqlay olmaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bugungi kunda o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatish va jabrlanganlarga shoshilinch yordam ko‘rsatish kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalar ekani ta’kidlandi.

– Isroil-Falastin muammosining yagona yechimi – “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyili asosida mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘lib qolmoqda, – dedi Prezident.

“Afg‘onistonni yakkalash kerak emas”

Afg‘oniston muammosiga to‘xtalib, davlatimiz rahbari ushbu mamlakatni yakkalash emas, balki Afg‘oniston xalqiga va uning amaldagi hokimiyatiga ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, tinch qurilish va taraqqiyotning dolzarb muammolarini hal etishda yordam ko‘rsatish umumiy vazifa ekanini qayd etdi.

So‘zining yakunida O‘zbekiston yetakchisi barqaror taraqqiyotning umumiy maqsadlariga erishish uchun BRIKS mamlakatlari bilan yaqin va o‘zaro manfaatli hamkorlikka tayyorligini ta’kidladi.