Seshanba, 20-oktabr, 2026
Havo 86 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
🌤 +18° kechasi +9°

BMT “natsizm va neonatsizmni ulugʻlashga qarshi” qaratilgan rezolyutsiyani ma’qulladi

Rezolyutsiya Rossiya tomonidan taqdim etilgan. Oʻzbekiston uni qabul qilish uchun ovoz berdi, dunyoning rivojlangan mamlakatlari esa aksincha.

2 daqiqa o‘qiladi

BMT “natsizm va neonatsizmni ulugʻlashga qarshi” qaratilgan rezolyutsiyani ma’qulladi

BMT bosh assambleyasining Uchinchi qoʻmitasi “Natsizm, neonatsizm va irqchilik, irqiy kamsitish, ksenofobiya va ular bilan bogʻliq murosasizlikning zamonaviy shakllarining kuchayishiga yordam beruvchi boshqa amaliyotlarni ulugʻlashga qarshi kurash” rezolyutsiyasini yoqlab ovoz berdi. Uni Rossiya koʻrib chiqish uchun taqdim etdi.

Qo‘mita rezolyutsiyaga tuzatish kiritdi

Hujjatga 116 davlat ovoz berdi, 54 davlat qarshi ovoz berdi. 11 davlat vakillari ovoz berishda betaraf qoldi. Oʻzbekiston rezolyutsiyani qoʻlladi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining Uchinchi qoʻmitasi rezolyutsiyaga Rossiyaning Ukrainadagi harbiy amaliyotini neonatsizmga qarshi kurash bilan oqlash istagini bildiruvchi tuzatish kiritdi.

51 davlat betaraf qoldi

Tuzatishni 66 davlat qoʻllab-quvvatladi, 43 davlat qarshi ovoz berdi, 51 davlat betaraf qoldi. Uchrashuvning yozuvi BMT saytida chop etildi.

Rossiya rezolyutsiyani boshqa davlatlar, jumladan, Xitoy, Janubiy Afrika, Shimoliy Koreya, Armaniston va Serbiya bilan hammualliflikda tayyorlagan.

Ikkinchi jahon urushi tarixi va natijalarini qayta koʻrib chiqishga yoʻl qoʻymaslik

Hujjatda davlatlarga “Ikkinchi jahon urushi tarixi va natijalarini qayta koʻrib chiqishga yoʻl qoʻymaslik uchun inson huquqlari boʻyicha xalqaro majburiyatlariga muvofiq, tegishli aniq choralarni, shu jumladan qonunchilik va taʼlim sohalarida” koʻrish tavsiya etiladi.

Natsizm bilan bog‘liq bayramlarni taqiqlash tashabbusi

Rezolyutsiya 74 banddan iborat. Unda natsizmni targʻib qilish va ulugʻlash bilan bogʻliq voqealarni qoralash haqida ham soʻz boradi. Matn, shuningdek, natsizm bilan bogʻliq “har qanday tantanali bayramlarni” taqiqlashni tavsiya qiladi. Hujjat shuningdek, etnik kelib chiqishi, millati, dini yoki eʼtiqodiga koʻra irqchilik, kamsitish va nafratni targʻib qiluvchi oʻquv materiallaridan foydalanishni qoralaydi.

BMT Bosh Assambleyasining Uchinchi qoʻmitasi inson huquqlari bilan bir qatorda ijtimoiy va gumanitar masalalarni ham koʻrib chiqadi.

Yevropa hamda rivojlangan davlatlar qarshi ovoz bergan

Ovozlar natijasiga qaraydigan bo‘lsak, dunyoning rivojlangan mamlakatlari, xususan, Yaponiya, AQSh, Janubiy Koreya, shu bilan birga, Yevropaning ko‘plab mamlakatlari qatorida Germaniya, Italiya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Ispaniya rezolyutsiyaga qarshi ovoz bergan. Bunga sabab qilib, rezolyutsiya Rossiya tomonidan taqdim qilinganligi va Rossiya urush fonida YI mamlakatlari, xususan, AQSh kabi mamalakatlar bilan ziddiyatga borayotganini keltirish mumkin, deydi ekspertlar.