“Binance” O‘zbekiston bozoriga rasman kirib kelmoqda
“Binance” dunyoning eng yirik kripto-valyuta birjalaridan biri bo‘lib, 600 dan ortiq kripto-valyuta va tokenlar savdosini taqdim etadi. O‘tgan yili u ILMA tomonidan O‘zbekiston qonunchiligini buzganligi uchun jarimaga tortilgan edi.
1 daqiqa o‘qiladi

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi “Binance” kripto-birjasi bilan O‘zbekistonda mijozlarga xizmat ko‘rsatish masalasini hal qildi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar bermoqda.
“CoinPay” kripto-birjasi orqali
Hozirda “Binance o‘z faoliyatini belgilangan tartibda mahalliy “CoinPay” kripto-birjasi orqali amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bunda rezidentlarning platformaga kirishi coinpay.uz orqali amalga oshiriladi.
Foydalanuvchilar o‘z mablag‘larini bank kartalari va “Uzcard” va “Humo” to‘lov tizimlari orqali milliy valyutada kiritish hamda chiqarishlari mumkin. Tizim platformalarning barcha modullari, jumladan, milliy to‘lov tizimlari bilan integratsiyalashuv yakunlangan keyin ishga tushiriladi.
“Binance”ning O‘zbekistondagi faoliyati
2024-yilning yanvar oyida ILMA tomonidan “Binance” kripto-birjasiga nisbatan O‘zbekiston qonunchiligi, xususan, kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilik talablarini buzganligi uchun jarima qo‘llangandi. Shundan so‘ng, tegishli da’vo arizasi Toshkent shahar iqtisodiyot sudiga yuborilgan.
O‘tgan yilning 26-martidan 7-iyunigacha “Binance” vakili ishtirokida davom etgan sud jarayonlari yakunida, sud agentlik arizasini to‘liq qondirish hamda kripto-birjadan BHMning 300 baravari miqdorida jarima undirish haqida qaror qabul qilgan. Agentlikning qayd etishicha, kripto-birja sud talablarini bajarib, jarimani to‘liq to‘lagan.
Shu bilan birga, agentlik o‘zbekistonliklarni kripto-aktivlarni sotib olish, sotish va ayirboshlash bo‘yicha operatsiyalarni faqat milliy provayderlar orqali amalga oshirishga qat’iy chaqirdi.



