Pul oqimlari bo‘yicha hisobot tuzishda yangi tartib joriy qilindi
Endilikda pul tushumlari va to‘lovlar operatsion, investitsiya va moliyaviy faoliyatga ajratilib, moliyaviy hisobotlarning shaffofligi va aniqligi oshadi.
2 daqiqa o‘qiladi

27-dekabr kun pul tushumlari va to‘lovlarini aniq toifalarga ajratish, xalqaro talab darajasida hisobot tuzish va moliyaviy boshqaruvni soddalashtirish maqsadida 9-sonli BHMS Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazildi. Ushbu standart tashkilotlarning hisobot jarayonini tartibga solib, shaffoflikni ta'minlashga xizmat qiladi. https://t.me/huquqiyaxborot/17098
Standart kimlar uchun amal qiladi?
BHMS byudjet tashkilotlari va nobank kredit tashkilotlaridan tashqari, barcha xo‘jalik yurituvchi subyektlarga nisbatan qo‘llaniladi. Ushbu standart orqali har bir tashkilot BHMS talablariga muvofiq pul oqimlari toʻgʻrisidagi hisobotni tayyorlaydi va uni har bir hisobot davri uchun tuziladigan moliyaviy hisobotning tarkibiy qismi sifatida taqdim etadi.
Pul oqimlari qanday toifalarga ajratiladi?
Pul oqimlari toʻgʻrisidagi hisobot pul tushumlari va toʻlovlari uchta asosiy toifaga ajratiladi: operatsion faoliyat, investitsiya faoliyati va moliyaviy faoliyat.
Operatsion faoliyatning asosiy tushum va to‘lovlari
Operatsion faoliyatning pul oqimlari tashkilotning asosiy faoliyatidan kelib chiqadi. Operatsion faoliyatning pul oqimlariga quyidagilar kirishi mumkin:
mahsulot (ishlar va xizmatlar) sotishdan pul mablagʻlarining kelib tushishi;
royalti, badallar, vositachilik haqqi va boshqalar boʻyicha pul mablagʻlari tushumi;
yetkazib beruvchilarga toʻlangan pul mablagʻlari;
xodimlarga toʻlangan mablagʻlar va xodimlar nomidan pul mablagʻlari toʻlovlari;
operatsion faoliyatga tegishli boʻlgan soliqlar boʻyicha pul mablagʻlari toʻlovlari yoki ularning qaytarilishi;
savdo yoki dilerlik maqsadlarida tuzilgan bitimlar boʻyicha pul mablagʻlari tushumlari va toʻlovlari.
Standartning joriy qilinishi nimani anglatadi?
9-sonli BHMSning joriy qilinishi tashkilotlarga pul oqimlarini tizimli ravishda boshqarish imkoniyatini beradi. Bu nafaqat moliyaviy hisobotlarning aniqligini oshiradi, balki xo‘jalik sub'ektlarining investitsion jozibadorligini ham kuchaytiradi.



