Sun’iy intellekt bolalari: 2025-yilda tug‘iladigan bolalar beta avlodining ilk vakillari bo‘ladi
2035-yilga borib beta avlodi dunyo aholisining 16 foizini tashkil qiladi. Shaxsiylashtirilgan ta’lim tizimi, intellektual gadjetlar va avtomatlashtirilgan xizmatlar ularning kundalik hayotida asosiy o‘rinni egallaydi.
2 daqiqa o‘qiladi

Sotsiolog va futurolog Mark Makkrindlning so‘zlariga ko‘ra, 2025-yildan 2039-yilgacha tug‘ilgan bolalar beta avlodi vakillari bo‘ladi.
Kelajakning yangi yetakchilari
Beta avlodi Milleniallar va Zed avlodining farzandlari sifatida dunyoga keladi. Ular o‘zlarining raqamli va ijtimoiy bilimdon ota-onalaridan ko‘p narsa o‘rganib, zamonaviy qadriyatlar va ilg‘or bilimlar bilan tarbiya topadi. Shu sababli, ularning jamiyatga kiritadigan yangiliklari juda katta bo‘lishi mumkin. Beta avlodi vakillari jiddiy muammolar, jumladan, iqlim o‘zgarishi, global demografik o‘zgarishlar va tezkor urbanizatsiya bilan kurashayotgan dunyoni meros qilib olishadi.
— “Beta avlodi” sun’iy intellekt va avtomatlashtirish ta’lim va ishdan tortib sog‘liqni saqlash va o‘yin-kulgigacha kundalik hayotga to‘liq integratsiyalashgan davrda yashaydi, — dedi Makkrindl.
Ular 2035-yilgacha dunyo aholisining 16 foizini tashkil qiladi
Uning prognozlariga ko‘ra, 2035-yilga borib beta avlodi dunyo aholisining 16 foizini tashkil qiladi. Beta avlodining ko‘pchiligi XXII asrni ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladi, bu esa ularning jamiyatga bo‘lgan ta’sirini yanada ahamiyatli qiladi.
Beta avlodining fikrlash tarzi va ko‘nikmalari Zumerlar yoki Milleniallarnikidan keskin farq qiladi, chunki ular sun’iy intellekt texnologiyalari bilan yaqindan tanish bo‘lib o‘sadi. Ular uchun texnologiya nafaqat vosita, balki kundalik hayotning ajralmas qismi bo‘ladi. Shaxsiylashtirilgan ta’lim tizimi, intellektual gadjetlar va avtomatlashtirilgan xizmatlar ularning har kunida normal holatga aylanadi.
Beta avlodi va global muammolar
Ular yetuklik davriga yetganda esa hokimiyat tepasiga iks avlodi vakillari (1965-1980-yillarda tug‘ilgan odamlar) keladi, asosiy muammo esa iqlim o‘zgarishi bo‘ladi. Pandemiya oqibatlari va boshqa muammolar haqida beta avlodi maktabda tarix darsliklaridan xabar topadi.
Umuman olganda, Beta avlodi — jahon tarixi va sivilizatsiyaning yangi bosqichini belgilaydigan avlod. Ular orqali kelajak texnologiyalar, ijtimoiy munosabatlar va global istiqbollar qanday shakllanishi ayon bo‘ladi.



