$
 11789.33
4.03
 13702.74
7.04
 136.48
0.35
weather
+26
Кечаси   +14°

Mirziyoyev va Vuchich Belgradda nimaga kelishib oldi? Eng muhim bandlar ma’lum bo‘ldi

Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Vuchich

Belgraddagi Serbiya saroyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davlat rahbarlarining yuzma-yuz muloqoti hamda ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokidagi kengaytirilgan shaklda davom etdi.

Muzokaralarda O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishning muhim yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Uchrashuv avvalida Shavkat Mirziyoyev Serbiya Prezidentiga samimiy qabul va ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi. O‘zbekiston Prezidentining Belgradga ilk tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarda yangi bosqichni boshlab berishi qayd etildi.

Siyosiy va parlamentlararo aloqalar kengayadi

Tomonlar so‘nggi davrda siyosiy muloqot, parlamentlararo aloqalar, savdo-iqtisodiy hamkorlik, shuningdek, ishbilarmonlik va gumanitar almashinuvlar faollashganini ijobiy baholadi.

Kelgusida diplomatik vakolatxonalarni ochish hamda parlamentlararo forum tashkil etish ikki davlat munosabatlarini yanada chuqurlashtirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Savdo va investitsiyalar bo‘yicha yangi imkoniyatlar

Muzokaralarda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalar O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylanayotgani qayd etildi.

Yil boshidan buyon ikki mamlakatning yuqori darajadagi delegatsiyalari ishtirokida qator iqtisodiy tadbirlar o‘tkazildi. Kecha Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan bo‘lsa, bugun ikki davlatning yetakchi kompaniyalari vakillari ishtirokida O‘zbekiston – Serbiya biznes forumi tashkil etiladi.

O‘zaro savdo hajmini oshirish uchun, avvalo, bozorda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar yetkazib berishni kengaytirish masalalariga e’tibor qaratildi.

Shu maqsadda Erkin savdo to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqish va qabul qilish, standartlashtirish sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda o‘zaro ko‘rgazmalar tashkil etish muhimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, O‘zbekiston kelgusi yili Belgradda o‘tkaziladigan “EXPO-2027” xalqaro ko‘rgazmasida o‘z milliy pavilyoni bilan faol qatnashishi qayd etildi.

Sanoat kooperatsiyasi uchun ustuvor yo‘nalishlar belgilanadi

Muzokaralarda transport va logistika, yengil va oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, tibbiyot hamda raqamli iqtisodiyot sohalarida yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Tomonlar avtomobil qismlari, uskunalar, elektr texnika va elektronika ishlab chiqarish yo‘nalishlarida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi.

Erishilgan kelishuvlarni amaliy jihatdan ta’minlash maqsadida 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan sanoatda sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasi qabul qilindi.

Samarqand, Voyevodina va Novi-Sad o‘rtasidagi aloqalar rivojlanadi

Hududlararo hamkorlikni kengaytirish ham muzokaralarning muhim mavzularidan biri bo‘ldi.

Davlat rahbarlari Samarqand viloyati va Voyevodina, shuningdek, Samarqand va Novi-Sad shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar yo‘lga qo‘yilganini olqishladilar.

Bu aloqalar hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy, madaniy va boshqa yo‘nalishlardagi hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishi qayd etildi.

Ta’lim, madaniyat va turizmda hamkorlik kuchayadi

Gumanitar aloqalarni rivojlantirish doirasida ta’lim, madaniyat, sport va turizm sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha tashabbuslar ilgari surildi.

Tomonlar madaniyat kunlari, kino, teatr va musiqa festivallarini birgalikda tashkil etish, shuningdek, sport federatsiyalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirishga kelishib oldi.

Mehnat migratsiyasi bo‘yicha kelishuv qabul qilindi

Muzokaralarda tartibli mehnat migratsiyasi masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.

Serbiya tomoni ushbu yo‘nalishda tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga katta qiziqish bildirayotgani qayd etildi. Davlat rahbarlari tashrif doirasida Mehnat mobilligi va migratsiyasi to‘g‘risidagi bitim qabul qilinganini olqishladilar.

Xalqaro masalalarda o‘zaro qo‘llab-quvvatlash

Uchrashuvda mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga ega dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Jumladan, ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Muzokaralar yakunida erishilgan kelishuvlar, qabul qilingan qarorlar va bitimlarni o‘z vaqtida hamda sifatli amalga oshirish uchun keng qamrovli “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish ko‘zda tutilgani qayd etildi.

Теги :
Jamiyat