Seshanba, 20-oktabr, 2026
Havo 88 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +12° kechasi +9°

“Onamni qabrga qo‘yolmaganman”

“Baxti Tashkentskiy” suddagi so‘nggi so‘zida qamoqdan chiqishidan bir yil oldin onasi olamdan o‘tib qolganini aytib, sudlanuvchilarning ham qarib qolgan onasi borligi va ularning ham armonda qolmasligini so‘ragan.

2 daqiqa o‘qiladi

“Onamni qabrga qo‘yolmaganman”

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudida “Baxti Tashkentskiy” nomi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayev va uning sheriklariga nisbatan ochiq sud ishi davom etmoqda. 

Sud ishi

Sudning 15-iyul kungi taraflar muzokarasida advokatlar va sudlanuvchilarga so‘z berildi. Qudratullayevning advokatiga ko‘ra, “Baxti Tashkentskiy"ga qo‘yilgan 44 ta epizodning 13 tasi ayblovdan olib tashlangan. Advokat o‘z nutqida jinoyat ishiga daxldor turli holatlarni keltirib, ayblovda qo‘yilgan moddalarni qayta ko‘rib chiqishni hamda ularning ayrimlarini olib tashlashni so‘radi. Shundan so‘ng boshqa advokatlar ham so‘zga chiqqan. Advokatlar nutqidan keyin sudlanuvchilar ham tinglanadi. 

"Biz terrorist, korrupsioner bo‘lmaganmiz, odamxo‘r emasmiz"

“Bizlarda yomon niyat bo‘lmagan. Bolalar bir-biriga pichoq ko‘tarmasin-tiqmasin, psixotrop tabletkalar va boshqa narsalarga aralashib qolmasin, degan ma’noda qilingan narsa bo‘lgan. Bitta iltimosim bor: bu yerdagi bolalar uy ishlariga qarashib yurgan, nevaramni bog‘chadan, o‘g‘limni maktabdan olib kelgan, boshqa „seryozniy“ ishlarga aralashgan emas. O‘g‘illarim o‘tiribdi, bittasi kasal. Bu yerda o‘tirgan bolalarning ichida uylanganlari bor, uylanmaganlari bor, ikki-uch nafar farzandi borlari ham bor. Kimlarningdir qarib qolgan onasi bor. Menga o‘xshab bularga ham armon bo‘lib qolmasin: qamoqdan chiqishimdan bir yil oldin onam olamdan o‘tib qolgan, qabrga qo‘yolmaganman. Biz terrorist, korrupsioner bo‘lmaganmiz, odamxo‘r emasmiz. Davlatga qarshi yurgan joyimiz yo‘q. Iloji bo‘lsa, shu yerda o‘tirgan bolalarga yengillik qilib bersangiz”, — dedi Baxtiyor Qudratullayev so‘nggi so‘zida.

Jazo muddatlari

Guruh yetakchisidan so‘ng, boshqa sudlanuvchilar ham nutq so‘zlaydi. Ularning aksariyati aybiga qisman iqrorligini bildirib, suddan yengillik so‘radi. Ba’zi sudlanuvchilar esa o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etadi. Shundan so‘ng, sud hukm chiqarish uchun 19-iyulga qadar maslahatga kirdi. Ma’lumot uchun, 10-iyul kungi sud majlisida prokuror 44 ta epizod bo‘yicha ayblanayotgan “Baxti Tashkentskiy"ga 20 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlash, shuningdek, Jinoyat kodeksining 34-moddasi (Retsidiv jinoyat) 3-qismi “a” bandi bilan o‘ta xavfli retsidivist deb topishni hamda uning o‘g‘illariga nisbatan 11 va 12 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini so‘ragandi.