$
 12933.16
-14.94
 14719.23
23.14
 158.28
1.35
weather
+26
Кечаси   +14°
oguads

Jahon banki O‘zbekistonga 3,5 million dollar miqdorida mablag‘ ajratdi

bank

Jahon banki O‘zbekiston uchun bank kafolati ko‘rinishidagi 3,5 mln dollarlik moliyalashtirishni ma’qulladi.

Bank O‘zbekistonning energiya manbalarini 25 GVtga yetkazishda qo‘llab-quvvatlaydi

Ma’lum qilinishicha, ushbu kafolat “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ davlat kompaniyasining quvvati 100 MVt bo‘lgan yangi quyosh elektr stansiyasida ishlab chiqariladigan elektr energiyasini xarid qilish bo‘yicha to‘lov majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlaydi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.

Xorazm viloyatidagi ushbu obyektni qurish va ekspluatatsiya qilish bilan Fransiyaning Voltalia kompaniyasi shug‘ullanadi. Quyosh elektr stansiyasini 2025-yil noyabr oyida ishga tushirish rejalashtirilgan. U 177 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, yiliga 240 gigavatt-soatdan ortiq qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqaradi. Uning faoliyati yiliga 230 ming tonnadan ortiq karbonat angidrid chiqindilarini kamaytirish va 60 mingga yaqin uy xo‘jaliklarini toza energiya bilan ta’minlash imkonini berishi kutilmoqda.

“Jahon banki guruhi “O‘zbekiston-2030” strategiyasiga muvofiq O‘zbekistonning energiya bo‘yicha ehtiyojlarini qondirishda va 2030-yilga borib qayta tiklanadigan energiya manbalarini 25 GVtga yetkazishda qo‘llab-quvvatlaydi, bu esa ushbu o‘n yillikning oxiriga kelib mamlakatda iste’moldagi elektr energiyasi ulushining 40 foizini tashkil etadi”, deydi Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Tatyana Proskuryakova.

Stansiya qurilishi Voltalia sho‘ba korxonasi tomonidan amalga oshiriladi

Xususan, quyosh elektr stansiyasi loyihasi Voltalia sho‘ba korxonasi Sarimay Foreign Enterprise LLC kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi. Kompaniya ushbu obyekt loyihasini ishlab chiqish, moliyalashtirish, qurish va ekspluatatsiya qilish uchun javob beradi. Loyiha ishga tushirilgach, Sarimay Foreign Enterprise LLC stansiyada ishlab chiqariladigan elektr energiyasini “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ davlat kompaniyasiga sotadi. Bu ikki tomon o‘rtasida 25-yil muddatga elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risidagi shartnomada nazarda tutilgan.

“Jahon banki tomonidan taqdim etilgan 3,5 mln. dollargacha bo‘lgan bank kafolati “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning Sarimay Foreign Enterprise LLC kompaniyasidan elektr energiyasini sotib olish bo‘yicha to‘lov majburiyatlari bajarilishini ta’minlaydi. Ushbu kafolat, shuningdek, Xorazm viloyatida loyihani amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan 80 million dollarlik qo‘shimcha kapital investitsiyalarni, shu jumladan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) tomonidan 54 million dollardan ortiq moliyalashtirishni jalb qilishga yordam berdi”, deyiladi xabarda.