$
 12933.16
-14.94
 14719.23
23.14
 158.28
1.35
weather
+26
Кечаси   +14°
textileads

Markaziy bank asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirdi

stavka

2024-yil 12-dekabr kuni Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik 13,5% darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Oxirgi 2 oyda yillik inflyatsiya darajasi pasayib 10% ni tashkil qilgan

Ma’lum qilinishicha, so‘nggi oylarda iqtisodiyotda yuqori talabning saqlanib qolishi va narxlarga oshuvchan bosim natijasida inflyatsiya darajasi prognozga nisbatan sekinroq pasaymoqda, shu bilan birga yuqori inflyatsion kutilmalar shakllanmoqda. Joriy yil yakuniga ko‘ra, umumiy inflyatsiya prognoz doirasining yuqori chegarasiga yaqin bo‘lishi kutilmoqda.

Pul-kredit sharoitlarining hozirgi darajasi inflyatsion jarayonlar va kutilmalarni kamaytirish, shuningdek, o‘rta muddatli istiqbolda 5% maqsadiga erishish uchun saqlanmoqda.

Oxirgi ikki oyda yillik inflyatsiya darajasi biroz pasayib, noyabr oyida 10% ni tashkil etdi. Ushbu pasayish asosan oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining barqarorlashuvi bilan bog‘liq. Shu bilan birga, iqtisodiyotdagi yuqori umumiy talab tufayli xizmatlar va nooziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘sish xavfi saqlanib qolmoqda.

Shuningdek, aholining asosiy ehtiyojlariga bog‘liq ayrim xarajatlar o‘zgarishi, shuningdek, energiya narxlarini liberallashtirishning ikkilamchi ta’siri va sovuq ob-havo tufayli inflyatsion kutilmalarga ta’sir ko‘rsatmoqda. Noyabr oyida aholining inflyatsion kutilmalari 13,7% ga, tadbirkorlarning esa 12,7% ga oshdi.

Inflyatsion bosimning uzoq muddatli saqlanib qolish ehtimoli yuqori

So‘nggi to‘rt oy davomida bazaviy inflyatsiya sezilarli o‘zgarishsiz 7,0% darajasida saqlanib qoldi. Nooziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlar bo‘yicha yuqori bazaviy inflyatsiya darajasi, shuningdek, chakana savdo va xizmatlar sohasida daromadlarning o‘sishi iqtisodiyotdagi talab omillarining ta’siri saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda.

Bular bilan bir qatorda, umumiy talabning barqaror o‘sish sur’atlari va mehnat bozori faolligi inflyatsion bosimning uzoq muddatli saqlanish ehtimolini ko‘rsatmoqda. Ish haqlarining va xalqaro pul o‘tkazmalari hajmining o‘sishi aholining real daromadlarini oshirib, yuqori investitsiya faolligi fonida keyingi oylarda umumiy talabni qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradi.

Natijada, 2024-yilning ikkinchi yarmida yalpi ichki mahsulot o‘sishi barqaror tendensiyani namoyon qildi va yil yakuniga ko‘ra 6-6,5% darajasida bo‘lishi kutilmoqda.

Aholining real daromadlari o‘sishi sharoitida iqtisodiyotda inflyatsion jarayonlarni samarali nazorat qilish uchun umumiy talab va taklif o‘rtasida muvozanatni ta’minlash talab etiladi. Bu, o‘z navbatida, pul-kredit sharoitlarining hozirgi darajasini saqlash zaruratini belgilaydi.

Shuning bilan birga, pul bozori foiz stavkalari va davlat qimmatli qog‘ozlari daromadliligi ko‘rsatmoqda, pul-kredit sharoitlari nisbatan qat’iyligicha qolmoqda. Bank tizimidagi yuqori real foiz stavkalari aholining jamg‘armalarga moyilligini oshirmoqda. Kreditlash hajmlarining mo‘tadil o‘sishi va depozitlarning tez o‘sishi umumiy talabni muvozanatlashtirish va inflyatsiyaga monetar omillarning ta’sirini kamaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Kelajakda iqtisodiyotdagi talabning yuqori darajasi va narxlarga bosim oshganda asosiy stavka ko‘tarilishi mumkin

Yuqoridagi omillarni hisobga olib, o‘rta muddatli narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani o‘zgartirmasdan, 13,5% darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

O‘rta muddatli istiqbolda pul-kredit sharoitlari inflyatsiyani barqaror ravishda 5% maqsadiga pasaytirish uchun zarur qat’iylik darajasida shakllanadi. Shu bilan birga, iqtisodiyotdagi talab va taklif muvozanati, inflyatsion kutilmalar va tarkibiy islohotlar sur’atlariga alohida e’tibor qaratiladi.

Kelajakda iqtisodiyotdagi talabning yuqori darajasi va narxlarga bosim oshishi ehtimoli yuzaga kelganda, asosiy stavka oshirilishi mumkin.

Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2025-yil 23-yanvarga belgilangan.