Bakteriyalardan o’lganlar soni yiliga 10 millionga yetishi mumkin
Bugungi kunda dunyoda infeksiyalarning antibiotiklarga chidamli turlari yiliga 5 million kishining hayotiga zomin bo‘lmoqda.
1 daqiqa o‘qiladi

Dunyoda infeksiyalarning antibiotiklarga chidamli turlari yiliga 5 million kishining hayotiga zomin bo‘lmoqda. Olimlar xulosasiga ko‘ra, dori vositalaridan o‘zboshimchalik bilan foydalanish superbakteriyalarning jadal ko‘payishi va keng tarqalishiga imkon beryapti.
10 millionlik prognoz
Xavotirli jihati, agar tezkor choralar ko‘rilmasa, 2050-yilga borib, mavjud preparatlarga chidamli bakteriyalardan yillik o‘lim ko‘rsatkichi 10 millionga yetishi mumkin.
Yangi antibiotik yaratildi
Bu global muammoga yechim izlagan Harvard universiteti (AQSH) olimlarining izlanishlari muvaffaqiyatli yakunlandi. Ular inson salomatligi uchun jiddiy xavfga aylangan superbakteriyalarga qarshi antibiotik yaratdi.
Qanday ta’sirga ega?
Kimyo professori Endryu Mayers boshchiligidagi mutaxassislar tadqiqot davomida krezomisin deb nomlangan sintetik moddani hosil qilishga muvaffaq bo‘ldi.
Bu preparat tillarang stafilokokklar, ichak tayoqchalari (E-coli), o‘pka va qon infeksiyalarini keltirib chiqaruvchi hayot uchun xavfli qator mikrobalarni o‘ldirish xususiyatiga ega.
Samarali yakunlangan tajriba
Tadqiqotchilar fikricha, hozircha krezomisinning ta’sir mexanizmlari laborator sharoitda va jonivorlarda o‘rganildi hamda tajribalar samarali yakunlandi. Endi u insonlarda klinik sinovdan o‘tkazilgach, tibbiy amaliyotda ommaviy qo‘llanilishi mumkin.



