$
 12875.06
13.23
 13406.80
-90.4
 124.75
-0.72
weather
+26
Кечаси   +14°

Farg‘onadagi portlagan AYQSh tadbirkorning o‘z xohishi bilan buzilmoqda

portlash

Farg‘ona viloyatining Farg‘ona shahrida joylashgan va joriy yilning 17-dekabr kuni sodir bo‘lgan portlash ro‘y bergan avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasini buzish ishlari olib borilmoqda. Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar berdi.

Kelgusida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan fojialarning oldini olish uchun

Qayd etilishicha, shoxobcha boshqa faoliyat olib bormaydi. Ushbu AYQSh va AGTSH aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va kelgusida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarni oldini olish maqsadida tadbirkorning o‘z xoxishiga ko‘ra buzilmoqda.

Voqea qanday sodir bo‘lgandi?

Eslatib o‘tamiz, 17-dekabr kuni Farg‘ona viloyati Farg‘ona shahrida avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasida dahshatli portlash sodir bo‘lib, oqibatda 4 nafar fuqaro vafot etgan, bir nechtasi esa tan jarohati olgandi. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi jabrlanganlar va vafot etganlar holati bo‘yicha ma’lumot berdi. Bildirilishicha, voqea sodir bo‘lgan kuni soat 14:00 atrofida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filialiga Farg‘ona shahridagi yonilg‘i quyish shoxobchasida sodir bo‘lgan o‘t chaqnashi oqibatida jarohat olgan 13 nafar fuqaro olib kelingan. Ulardan 1 nafari o‘lik holatda keltirilgan va uni sud-tibbiy ekspertizaga yo‘naltirilgan.

17-dekabr soat 15:00 holatiga ko‘ra, 2 nafar bemorga bolalar reanimatsiya bo‘limida davo choralari ko‘rilib, ularga “Alangadan keyingi tananing bosh, yuz, bo‘yin, ikkala qo‘l, yelka, bilak, kaft, barmoq, ko‘krak, qorin, ikkala kurak, bel va ikkala oyoq son, boldir sohalarining II-III AB-darajali 90 foiz termik kuyishi, II-III-darajali yuqori nafas yo‘llarining termoingalyatsion jarohati, kuyish shoki o‘ta og‘ir darajasi, asistoliya” tashxisi qo‘yilgan. Umumiy ahvoli og‘ir bo‘lgan. Keyinchalik ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan ular vafot etgan.

Shu kuni neyroxirurgik reanimatsiya bo‘limiga 3 nafar bemor yotqizilgan. Ularga alangadan II-III AB darajali 70-90 foiz kuyish darajasi tashxisi qo‘yilgan. Bugungi kunda ularning umumiy ahvoli o‘ta og‘ir. Mazkur bo‘limdagi 1 nafar ayolga reanimatsiya bo‘limida davo choralari ko‘rilib, unga kuyish tashxisi qo‘yilgan va ko‘rilgan reanimatsion chora-tadbirlarga qaramay soat 23:25 da bemor vafot etgan va u sud-tibbiy ekspertizaga yo‘naltirilgan.

Теги :
Jamiyat